“Yuksalish” umummilliy harakati 2023-yilning 26-27-yanvar kunlari “Sirli mijoz” koʻrinishida monitoring oʻtkazganini maʼlum qildi. Unda Oʻzbekiston boʻylab 308 ta dorixona qamrab olindi.
Maʼlum qilinishicha, aksariyat dorixonalarda taqiqlangan dori vositalari sotuvdan olib qoʻyilgan, biroq omborlarda hamon saqlanayotgani aniqlangan. Shuningdek, ayrim dorixonalarda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan sotuvi toʻxtatilgan dori vositalari erkin sotuvda mavjud.
Xususan, Qashqadaryo viloyati va Surxondaryo viloyatining ayrim dorixonalarida Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd.” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Nolgripp Junior” yoʻtalga qarshi siropi, “Travamaks”, “Nolgripp” va “Sinepar” tabletkalari va pastillarini hali ham xarid qilish mumkin.
Aholi ushbu dori-darmonlarni yuz bergan fojiali holatlar, sogʻliq va hayot uchun ehtimoliy xavflarga qaramay, avvalgidek sotib olayotgani aniqlandi.
Harakat monitoring natijalari boʻyicha materiallar (dorixonalar manzillari, cheklar) chora koʻrilishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga taqdim etgan.
Shu munosabat bilan «Yuksalish» umummilliy harakati quyidagilarga chaqirdi:
birinchidan, aholi, ayniqsa, chekka qishloqlar, poliklinikalar oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini oʻtkazish;
ikkinchidan, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan savdosi toʻxtatilgan va sud tomonidan taqiqlangan dori vositalari roʻyxatini barcha dorixonalarning koʻrinadigan joyiga joylashtirish;
uchinchidan, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan savdosi toʻxtatilgan va sud tomonidan taqiqlangan, lekin omborlarda saqlanayotgan barcha dorilarni, tadbirkorlarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash masalasini koʻrib chiqqan holda, yoʻq qilinishini taʼminlash.