Biroq “COVID-19” infeksiyasini davolashda qatnashayotgan baʼzi xususiy tibbiyot muassasalari shartnomada koʻrsatilgan talablarga toʻla amal qilmayapti. U yerdagi bemorlarning barchasi ham belgilangan koʻrsatmalar asosida davolanayotgani yoʻq.
Jumladan, bemorlarning kasallik tarixlari tahlil qilinganda ayrim nodavlat klinikalarda kasallarga keragidan ortiq dori-darmonlar, tegishli koʻrsatma mavjud boʻlmasa-da, bir vaqtning oʻzida ikki va undan ortiq antibiotik va gormonlar buyurilayotgani maʼlum boʻlmoqda.
Ayrim xususiy klinikalarda esa bemorlarga davolash standartlariga zid ravishda meʼyordan ortiq darajada infuzion suyuqliklar quyilayotgani aniqlanmoqda.
Shuningdek, yetarli bilim va saviyaga ega boʻlmagan, sanitariya-epidemiologiya qoidalariga hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga rioya qilinmagan bunday shifoxonalarda muolaja olayotgan koʻplab bemorlar ogʻir asoratlar bilan ixtisoslashgan davlat tibbiyot muassasalariga oʻtkazilmoqda. Bu esa tigʻiz ish tartibida faoliyat yuritayotgan davlat tibbiyot muassasalaridagi shifokorlar ishini yana-da qiyinlashtirmoqda.
— “COVID-19” infeksiyasiga chalingan bemorni kasallikning dastlabki bosqichida turli infuzion suyuqliklar bilan davolash, bir vaqtning oʻzida bir necha antibotik va gormonlarni qoʻllash xastalikning tez suratda ogʻir shaklga oʻtib ketishiga sabab boʻladi, — deydi Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar HUSANOV. — Afsuski, bugun uy sharoitida, qolaversa, baʼzi xususiy tibbiyot muassasalarida bemorlarni davolashda aynan ana shu xatoliklarga yoʻl qoʻyilmoqda.
Buning natijasida joriy yil iyun-iyul oyida birgina Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasiga Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hamda poytaxtimizdagi 20 dan ziyod xususiy tibbiyot klinikasida davolangan 31 nafar “COVID-19”ga chalingan bemor ogʻir ahvolda olib kelingan.
Bugunga kelib, ushbu bemorlarning 7 nafari shifokorlarimizning saʼy-harakatlari sabab kasallikdan butunlay sogʻaygan boʻlsa, qolgan bemorlar esa jonlantirish boʻlimida davo muolajalarini olmoqda. Eng yomoni, ushbu bemorlar orasida oʻlim holatlari ham qayd etilmoqda. Bu esa achinarli holatdir.
Joriy yil 21-iyul kuni Yakkasaroy tumanida yashovchi 1989-yilda tugʻilgan fuqaro U.Sh. Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasiga oʻta ogʻir ahvolda olib kelingan. Bungacha bu bemor oʻzboshimchalik bilan uy sharoitida, soʻng poytaxtimizdagi xususiy klinikalarning birida antibakterial, puls terapiya, virusga qarshi antikogulyant davo choralarini olgan. Bemorning umumiy ahvolida oʻzgarish boʻlmagach, bizga murojaat qilgan.
Bemorda koronavirus infeksiyasining ogʻir darajada kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, oʻpka shishi, ORDS sindromi kabi belgilar aniqlangan. Afsuski, kerakli tekshiruv va davo muolajalariga qaramasdan, bu bemor shu yil 29-iyul kuni vafot etgan.
Shu oʻrinda xususiy tibbiyot klinikalarida faoliyat olib borayotgan shifokorlardan koronavirus chalingan bemorlarni davolashda belgilangan koʻrsatmalarga amal qilishlarini, dori vositalarini oʻrnatilgan qoidalarga muvofiq tayinlashlarini soʻrab qolaman.
Eslatib oʻtamiz, bugungacha poytaxtimizdagi 25 ta, viloyatlardagi 6 ta xususiy shifoxonaga “COVID-19”ga chalingan bemorlarni davolash boʻyicha ruxsat berilgan boʻlib, yaqinda poytaxtimizdagi “ASIA SHINE HOSPITAL” xususiy shifoxonasi bilan Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi oʻrtasida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash boʻyicha 2021-yil 19-iyulda imzolangan shartnoma bir tomonlama bekor qilingan.
Vazirlik, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar “COVID-19” infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda belgilangan diagnostika va davolash standartlariga amal qilish lozimligini yana bir bor eslatib, ushbu davolash muassasalarda nazorat ishlarini muntazam olib borilishini maʼlum qiladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.