Vazirlar Mahkamasining "Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan 22 sentyabr O‘zbekistonda "Avtomobilsiz kun" deb eʼlon qilingan. Shu munosabat bilan Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov yurtdoshlarimizga murojaat qildi:
“Xalqaro avtomobilsiz kun” munosabati bilan davlat idoralari va mahalliy organlari rahbarlarini shaxsiy namuna ko‘rsatib, 22-sentyabr “Xalqaro avtomobilsiz kun” tadbirlarida faol ishtirok etishga chaqiraman. Shu bilan birga, ilm-fan, madaniyat va sport sohalari xodimlari hamda OAV vakillarini, qolaversa barcha yurtdoshlarimizni shu kuni ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etishga hamda bir kun davomida avtomobil o‘rniga velosipeddan foydalanish yoki piyoda harakatlanishga chorlab qolaman. Avtomobilsiz kun aksiyasi doirasida #carfreeday_uzbekistan, #shaxsiynamunakursat, #avtomobilsizbirkun xeshteglaridan foydalanib, yana-da keng aholini qamrab olishni taklif etaman. Zero bu kabi tadbirlarni o‘tkazish mamlakatimizda yo‘l xarakati xafsizligini yana-da takomillashtirish, shahar aholisi o‘rtasida ekologik madaniyat hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni maqsad qilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham o‘z tavsiyalarida jismoniy faollikni oshirish infeksion, yurak-qon tomir, saraton va qandli diabet kasalliklar profilaktikasida muhim o‘rin tutishini taʼkidlaydi. Shunday ekan, fikrimcha, ayni damda dunyoda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatda bunday aksiyaning o‘tkazilishi ayni muddaodir”.
Shu bilan birga, maʼlum qilinishicha, 22 sentyabr kuni mamlakatimiz hududlarida, mahallalarda yashovchi uyushmagan yoshlar o‘rtasida ham velosiped, skeyt va samokatlarda uchish musobaqalari tashkil etiladi.