O‘rganish ishlari dastavval ko‘chadan boshlandi. Unda vakillarimiz istiqomat qilayotgan qavatlarning tashqi tomondan qanday bezatilgani, ichkarida esa O‘zbekistonning turistik salohiyatini aks ettiruvchi ko‘rgazmali banerlar ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar tashrifi Marat Qurbonov boshchiligidagi bokschilarimizning mashg‘ulotiga to‘g‘ri keldi. Ular charm qo‘lqop ustalarimiz bilan suhbatda bo‘lajak musobaqa oldidan o‘zlarining iliq tilaklarini bildirib o‘tishdi.

Ta’kidlash joiz, mutasaddilarga tashrif davomida MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Saken Polatov, Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov hamrohlik qildilar.

Shundan so‘ng ular yuqori qavatdan joy olgan O‘zbekiston delegatsiyasining shtabiga ko‘tarilishdi. U yerda shtab a’zolari bilan suhbatlashib, ularning faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, jamoamizning tibbiyot markazi olib borayotgan ish ham yaqindan o‘rganildi. Shifokorlarimiz Aziz Abduhakimov boshchiligidagi mutasaddilarga nafaqat sportchilarimiz, balki delegatsiyamiz tarkibidagi boshqa vakillarining salomatligi, ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida yaqindan gapirib berishdi. Belgilanganidek, har bir delegatsiya a’zosidan kunlik PZR testlari olinmoqda va ular barchasi manfiy ko‘rsatkich bermoqda. O‘z navbatida delegatsiya rahbariyati tomonidan atletlarimizning salomatligini asrash, jarayonni yanada kuchli nazoratga olish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berib o‘tildi.

Mutasaddilar shtab a’zolari bilan alohida uchrashuv tashkil etilib, tashkiliy masalalar bo‘yicha Yaponiya tajribasini chuqur o‘rganish, undan “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlari davomida samarali foydalanish, Olimpiya ob’ektlari loyihasining arxitektorlari bilan uchrashuvlar tashkil qilish, zamonaviy sport inshootlarini yurtimizda qurish, unda kamxarj va tejamkor materiallardan foydalanishni o‘rganish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Tashrif davomida mutasaddilar sportchilarimiz yashayotgan xonalarda ham bo‘lib, ular uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganishdi. Bu jarayon taekvondochilarimiz Nigora Tursunqulova hamda Svetlana Osipova istiqomat qilayotgan nomerlar misolida bo‘ldi.

Keyinchalik Olimpiya shaharchasining oshxonasi ham ko‘zdan kechirildi. Unda atletlar uchun tayyorlanayotgan ovqatlarning turlari, ularning kaloriyalari haqida mutaxassislar tomonidan ma’lumot berildi. Xulosa qilib aytganda, bu Aziz Abduhakimov va Muhsinxo‘ja Abdurahmonov tomonidan amalga oshirilgan katta tashrif bo‘lib, unda mutasaddilar Olimpiya shaharchasi bilan to‘liqligicha tanishib chiqdilar.