Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ham ishtirok etib, poytaxtdagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan bolalar bilan uchrashdi.

Shu oʻrinda aytish joizki, xayriya tashabbuskorlari ushbu tadbir doirasida onkologiyaga chalingan bolalarning orzusini amalga oshirishni ham maqsad qilgan. Markazda davolanayotgan Zarbek ismli bola Turizm va sport vaziri bilan shaxmat oʻynash orzusi borligini bildirgan. Tashabbuskorlar bolakayning orzusini Aziz Abduhakimovga yetkazishganida vazir bu taklifni bajonidil qabul qildi.

– Oʻtgan yili Prezidentimiz Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashriflari davomida bu yerda davolanayotgan bolalar bilan suhbatlashib, ularning ota-onalariga dalda bergan edilar. Shu bilan birga, barcha rahbarlarga ogʻir xastalik bilan kurashayotgan bolalar holidan muntazam ravishda xabar olish, ularning qiziqishlari oʻrgangan holda kerakli imkoniyatlarni yaratib berish boʻyicha topshiriq bergan edilar. 14-fevral butun dunyoda “Xalqaro kitob sovgʻa qilish kuni” sifatida keng nishonlanishi munosabati bilan koʻngillilarimiz tomonidan xayriya aksiyasi tashkil etilib, uning doirasida shifoxonada davolanayotgan bolajonlarga kitob ulashilmoqda. Men ham bugun erta tongdan kitob doʻkoniga borib, bolajonlar uchun oʻzim shaxsan kitoblar tanlab oldim va buni shu yerda davolanayotgan bolajonlarga ilingim keldi. Kitobning inson hayotidagi oʻrnini hech narsa bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Kitob oʻqigan bola nafaqat madaniy hordiq olishi mumkin, balki unda fikrlash qobiliyati ham charxlanadi”, - dedi A.Abduhakimov.

Respublika onkologiya markazining bolalar boʻlimi bemorlari, ularning ota-onalari hamda shifokorlar bilan muloqot qilgach, Bosh vazir oʻrinbosari Zarbekning orzusini amalga oshirib, u bilan shaxmat oʻynashga kirishdi. Oʻyinda gʻolib boʻlgan bolakay, qolaversa, shifoxonadagi boshqa bemorlarga vazir tomonidan qiziqarli kitoblar sovgʻa qilindi. Shuningdek, ulalarni sportga, xususan shaxmatga boʻlgan qiziqishini oshirish maqsadida vazir A.Abduhakimov tomonidan bolalarga shaxmat sovgʻa qilindi.

Tadbir shuningdek, 15-fevral – “Xalqaro saratonga chalingan bolalar kuni” doirasida ham oʻtkazilib, unda Xalq deputatlari Toshkent shahar Olmazor tuman Kengashiga Oʻzbekiston Milliy tiklanish partiyasidan saylangan deputat Feruza Karimova tashabbusi bilan tibbiyot fakultetlari talabalari uyushmasi hamda “Korzinka” supermarketlar tarmogʻi koʻmagida tashkil etilgan “Inson qadri uchun” harakati “Ezgu kitoblar” aksiyasiga start berildi. Tadbir shifoxonalarda yillab muolaja olayotgan bolalarning vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularning orzularini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimizda tobora yosharib borayotgan hamda bolalar oʻrtasida koʻpayayotgan onkologik kasalliklarga jamoatchilik eʼtiborini qaratish maqsadida oʻtkazilmoqda.

Maʼlumot uchun, “Inson Qadri uchun” aksiyasi davomida xayriya qilish istagini bildirgan har bir fuqaro kitoblar yigʻish punktlariga kelib, xohlagan miqdordagi kitoblarni qoldirishi mumkin boʻlib, ularda qayd etilgan tilak xatlari ham mamnuniyat bilan qabul qilindi. 10 kunlik loyiha davomida 400 dan ortiq kitoblar toʻplandi. 2022-yil – “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” deb eʼlon qilinganini hisobga olganda, bu kabi tadbirlar juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Turizm va sport vazirligi axborot xizmati