Azmu shijoatli yoshlarimiz vatanni sevadi va dunyoni hayratga soladi

    Fikr 22 Aprel 2025 513

    Oʻn yetti yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston terma jamoasi tarixiy gʻalaba bilan Osiyo kubogini qoʻlga kiritdi!

    Navqiron futbolchilarimizning raqib jamoa maydonidagi matonatli oʻyinini, tarixiy gʻalabasini kuzata turib Hazrat Boburning ushbu bayti yodimga tushdi:

    “Bahor ayyomidur, dagʻi yigitlikning avonidur,

    Ketur, soqiy, sharobi nobkim, ishrat zamonidur”.

    Bu baytda hazrat soqiyga xitob etib, eng toza may — muhabbatdan qalblarga quy, bahor bayrami, yigitlikning zamonidir, dey­di. Yaʼni bahor uygʻonish va yangi hayot debochasi. Bu zamon — yigitlik davrida qalblar muhab­batga toʻlsin, deydi. May timsolidagi muhab­bat ilohiy ishq ekani yaxshi maʼlum. Zero, qalbi — Allohda, qoʻli — mehnatda boʻlgan xalqimiz buni yaxshi anglaydi. Yuragida ana shunday muhabbati boʻlgan kishigina futbolchilarimiz kabi qahramonlik qila oladi. Axir mitti maysani, insonlarni, yeru osmonni, muhimi, vatanni sevmay turib qahramon boʻlish mumkin emas!

    Prezidentimiz futbol boʻyicha oʻn yetti yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzo­lariga yoʻllagan tabrigida ularning qahramonligini bunday eʼtirof etdi: “Sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimizning butun turnir davomida bironta ham magʻlubiyatga uchramasdan, rekord natija koʻrsatib, jonajon Vatanimiz sharafini mardona himoya qilganlari, hech shubhasiz, milliy futbolimiz tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan shonli voqea, desak, toʻgʻri boʻladi”.

    Toshkent aeroportida muzaffar futbolchilarimiz keng jamoatchilik vakillari, sportchilarning ota-onalari, yaqinlari ishtirokida tantanali kutib olindi.

    Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respub­likasi Bosh vaziri A.Aripov Oʻzbekis­ton Respublikasi Prezidenti Shavkat ­Mirziyoyevning futbolchilarimizga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ­Administratsiyasi departamenti rahbari O.Abdurahmonov Prezidentimizning tegish­li farmoni bilan sportchilar va ularning murabbiyi, futbol targʻiboti yoʻlida fidoyilik koʻrsatib kelayotgan sport sharhlovchilari davlatimizning yuksak mukofotlari — “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni, ­“Kelajak bunyodkori“ va “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganini eʼlon qildi.

    Farmon bilan futbol boʻyicha Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiysi Islombek Ismoilov “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni, futbolchilarimiz esa “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi. Shu bilan birga, bosh murabbiyga Prezident sovgʻasi — Chevrolet Equniox va yosh futbolchilarimizga Chevrolet Cobalt rusumli avtomobillar topshirildi.

    Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar bugun yurtimizda sportga, xususan, yoshlar futboliga katta eʼtibor qaratilayotganini eʼtirof etdi.

    Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respub­likasi sport vaziri A.Ikromov, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari O.Umarov, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi B.Qurbonov, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Saʼdullayev, Toshkent shahar hokimi Sh.Umurzakov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

    Tan olish kerak, raqib maydoni — Toif shahridagi “Qirol Fahd” stadionida oʻtgan oʻyinda gʻalaba qozonish oson boʻlmadi. Oʻyin­ning birinchi boʻlimi tugashi arafasida terma jamoamiz vakillari ikkita qizil kartochka oldi. Oqibatda jamoamiz ikki oʻyinchi kam boʻlib musobaqani davom ettirishga majbur boʻldi. Bu yigitlar uchun haqiqiy sinov edi. Oʻsha onlarda futbolchilar oʻrnida oʻzimni tasavvur qilib koʻrdim. Butun dunyo — oʻrindiqlarni toʻldirgan muxlislarning katta qismi, hushtagini dam-badam chalib yoʻl koʻrsatmoqchi boʻlayotgan hakam va unga koʻmakchi boʻlgan bayroqdorlar ham menga... yoʻq, bizga qarshi turgan edi. Aksiga olib, kuchli deya eʼtirof etiladigan (sportda kuch nisbiy tushuncha!) raqib jamoada 11, bizda 9 oʻyinchi. Shunday lahzalarda nima yordam beradi, qanday kuch gʻalaba sari yetaklaydi?! Albatta, muhabbat! Bobur bobomiz aytmish ilohiy ishq — shu yeru osmonga, muqaddas vatanga muhabbat!

    Ana shu muhabbat hosilasi boʻlgan qahramonlik sabab terma jamoamiz ikki bora raqib darvozasini ishgʻol etdi. Muhammad Hakimov, Sadriddin Hasanov ushbu gollarning muallifi boʻldi.

    Kubokning final bahsigacha boʻlgan yoʻl ham shunchaki bosib oʻtilmadi. Oʻzbekiston terma jamoasi ilk oʻyindan toki finalgacha shonli yurish qildi. Vakillarimiz nihoyatda ajoyib natijalarni birma-bir qoʻlga kiritib bordi. U-17 yosh toifasidagi terma ­jamoamiz dastlab guruh bahslarida Tailand termasini 4:1, ikkinchi turda Xitoyni 2:1 hisobida magʻlub etdi. Shu tariqa Qatarda oʻtkaziladigan jahon chempionatiga yoʻllanma naqd boʻldi.

    Guruh bosqichining soʻnggi turida oʻsmirlarimiz Saudiya Arabistonini 3:0 hisobida, chorak finalda esa BAA terma jamoasini 3:1, yarim finalda KXDR termasini 3:0 hisobida yengdi. Bunday natija finalda duch keladigan raqib jamoani sergak torttirgani rost. Ana shu sergaklik sabab oʻyinchilarimiz turli bosimlarni boshdan oʻtkazdi.

    “Ey millat koʻksida ungan lolalar,

    Haqiqat sinmagay, garchi bukildi.

    Bu shunchaki kubok emas, bolalar,

    Oʻyinga oʻzbekning ori tikildi!”

    Shoir Zohidjon Olov rost yozdi. Oʻyinga millatning ori tikilgan edi. Azaldan boshini tik tutib, orini himoya qilgan millat bolalari ajdodlarga munosib avlod ekanini koʻrsatib qoʻydi. Ayni damda yangi Oʻzbekistonda yosh isteʼdodlar kuchga toʻlib kelayotganini yana bir karra dunyo ahliga eslatib qoʻydi.

    Prezidentimiz terma jamoamizga yoʻllagan tabrigida “El-yurtimiz sizlarning timsolingizda doimo oldinga intilib yashaydigan, yuksak marralarni zabt etishga qodir yangi Oʻzbekiston yoshlarining eng yorqin vakillarini koʻradi va sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi”, dedi.

    Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: inson, ayniqsa, navqiron avlod qalbida yurtga muhab­bat qanday paydo boʻladi? Ha, inson, ­umuman, tirik jon borki, uyiga intilib yashaydi. Uni yaxshi koʻradi. Shu jihatdan vatanparvarlik tugʻma boʻladi deb qarash mumkin. Ammo yana bir oʻzgarmas qoida bor: jamiyat turfa qarash va tafakkurdagi insonlardan tarkib topadi. Ularning aksari asl tuygʻulardan uzoqlashib, oʻtkinchi narsalar atrofida oʻralashib qolishi ham rost. Shu bois, inson qalbi tarbiyalanadi. Ana oʻsha tarbiya sabab yoshlar vatanparvarlik ruhida kamol topadi.

    Keyingi yillardagi oʻzgarishlar, inson qad­ri uchun amalga oshirilgan islohotlardan ana shunday ezgu maqsad koʻzlangan. Ushbu tarixiy oʻyin tufayli mamlakatimizda sportga, xususan, futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning yana bir amaliy natijasini koʻrdik. Bundan tashqari, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga ham alohida eʼtibor berilmoqda. Ularning bandligini taʼminlash uchun qilinayotgan ishlar, tadbirkorlik niyatidagi yigit-qizlarga berilayotgan imtiyozlar ham shular jumlasidan. Axir foydali yumush bilan band inson qalbida bekorchi oʻylarga, yot gʻoyalarga oʻrin qolmaydi. Oʻrni kelganda vatanparvar, elga madadkor yoshlarni kamol toptirishda kitobxonlikka katta eʼtibor berilganini ham eʼtirof etish kerak. Prezidentimiz tashabbusi bilan kitobxon yoshlarga avtomobil sovgʻa qilish anʼanaga aylandi. Bundan tashqari, oliy taʼlimdagi oʻzgarishlar-chi!

    Taʼlim korrupsiyadan xoli sohaga aylantirildi. Oliy taʼlimning qamrovi oshdi. Ayni damda xorijda tahsil olayotgan yoshlar safi kengaydi. Bunday ijobiy oʻzgarishlar hamon davom etmoqda. Masalan, yaqindagina nufuzli xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblariga toʻlanadigan mukofot miqdori 5 barobarga oshirildi. Bularning barchasi yoshlar qalbida ertangi kunga ishonch uygʻotadi. Ana shu ishonch xotirjamlik baxsh etadi. Bunday sokinlik qalbga quvvat berib, ezgu oʻylarga eshik ochadi.

    Ha, vatanparvarlik degan ulugʻ tuygʻu ana shunday ezgu ishlarning jamlanmasi oʻlaroq shakllanadi. Yosh futbolchilarimizning gʻalabasi misolida yangi Oʻzbekistonning vatanparvar yoshlari kamol topayotganiga yana bir karra amin boʻldik!

    Boboravshan GʻOZIDDINOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri