Shu maqsadda viloyatning Pop tumanida badmintonni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston badminton federatsiyasining Namangan viloyat boʻlimi, Pop tuman jismoniy tarbiya va sport boʻlimi tashabbusi bilan tumandagi 8-sonli musiqa maktabi hamda Pop tuman 1- va 2-sonli bolalar-oʻsmirlar sport maktablari hamkorligida oʻquv-seminar mashgʻuloti tashkil etildi.
Dastlab seminar ishtirokchilariga badminton federatsiyasining Namangan viloyati boʻlimi ijrochi direktori Otabek Moʻminov tomonidan oʻyin qoidalari haqida nazariy maʼlumotlar berildi. Soʻngra sport maydonida badminton qoidalari boʻyicha amaliy mashgʻulotlar hamda viloyatning yetakchi sportchilari ishtirokida master-klass oʻtkazildi.
Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar atroflicha maʼlumot va tushunchalar berishdi. Seminarda Namangan viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasiga qarashli barcha tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport boʻlimi boshliqlari, viloyat Xalq taʼlimi tizimidagi maktablarning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari, shuningdek tumanda badminton sporti bilan shugʻullanayotgan oʻquvchilar ishtirok etishdi.
Seminar yakunida tumandagi 5ta umumtaʼlim maktablarining Jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari Pop tuman 2-sonli bolalar-oʻsmirlar sport maktabining badminton boʻlimiga ishga qabul qilinib, ularga malaka oshirish uchun yoʻllanmalar berildi.