Bu yerda 1 podyezdli 61 ta koʻp qavatli uylarda 1 220 ta xonadon turar joylari barpo qilindi. Quvonarlisi, yangi va zamonaviy xonadonlarni sotib olishda qulaylik yaratish maqsadida fuqarolarga subsidiyalar taqdim etilyapti.
Bedarak qishlogʻida istiqomat qiluvchi Iqboljon Rahmonov tumandagi 25-umumtaʼlim maktabida oʻqituvchi. U bir necha yillardan buyon yosh oilasi uchun shinamgina xonadon sotib olish niyatida edi. Nihoyat davlat subsidiyasi asosida Muruvvat MFY dan uy sotib oldi.
—Ancha yillardan buyon uy olish uchun biroz mablagʻ jamgʻarib qoʻygandik, — deydi I.Rahmonov. — Lekin yiqqan sarmoyamiz uy olish uchun biroz yetmadi. Shunda bizlarga 150 million soʻm miqdorida subsidiya ajratilishi orzularimizga qanot boʻldi. Tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari sayyor tartibda maxsus avtobusda subsidiya berish toʻgʻrisidagi sertifikatni menga topshirdi. Butun oilamiz bilan xursandmiz.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, shu kunga qadar Bagʻdod tumanida subsidiya olish istagini bildirgan fuqarolardan jami 762 ta arizalar kelib tushgan. Shundan 252 ta murojaatga ijobiy baho berilgan, deb xabar beradi DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.