Bagʻdodlik “professor” bir yilda 100 ming dollarlik asal eksport qildi

    Bagʻdod tumanidagi “Olchin” mahalla fuqarolar yigʻinida asalarichilik “professori” Abduvohid Ubaydullayevning tashabbusi bilan “Asal markazi” ochildi.

    U “Bagʻdod zamin asali” dehqon xoʻjaligi rahbari, asalarichilar sulolasining uchinchi avlodi boʻladi.

    — Bobom Ubaydullo ham mohir asalchi boʻlgan. Bolaligimizdan shu soha ichida ­ulgʻaydik. Bizdan keyin oʻgʻillarimiz, kelin-qizlarimiz, nevaralarimizda ham qiziqish soʻngani yoʻq. Demak, hali bu anʼana davom etadi, — deydi tadbirkor. — Bugun yurtimizda yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, faqat izlanish, intilish kerak, xolos. Ularning erishayotgan yutuqlari, chet elma-chet el yurishlariga havasim keladi.

    Abduvohid bobomeros asal yetishtirishni ilmiy izlanishlar, zamonaviy uslub va metodlar, innovatsion texnologiyalar bilan boyitdi. Qoʻllanma va kitoblar oʻqidi, yangi nav va zotlar ustida ishladi. Soha boʻyicha oʻtkazilayotgan anjuman va konferensiyalar, tanlovlar ishtirokchisi boʻlib, qator yutuqlarga erishdi. Asal bayramlarida faol qatnashib, Oʻzbekiston asalarichilar uyushmasi tomonidan “Asalari mahsulotlarini eng koʻp eksport qilgan asalarichi” deya eʼtirof etildi, mehnatlari munosib ragʻbatlantirildi, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bugun uni nafaqat yurtimiz, balki xorijliklar ham yaxshi biladi.

    Bu yerda faqat bol yetishtirish emas, balki asalari oilasini eksport qilish yoki qishloqdagi kam taʼminlangan oilalarga tarqatish, qiziquvchilarga oʻz bilganlarini oʻrgatish borasida salmoqli ishlar qilindi. Oʻtgan yilning oʻzida “Chekxitoy” mahalla fuqarolar yigʻinida asalarichilik kooperatsiyasini tashkil qilish orqali 20 ta oila vakillarining bandligi taʼminlandi. Buning uchun “Bagʻdod zamin asali” tomonidan ularga 60 qutida 120 ta asalari oilasi tarqatildi. Bilmaganlarini muntazam oʻrgatib bordi, avvaliga ozuqalarigacha yetkazib berdi. Kasanachilik asosida yetishtirilgan mahsulotni oʻzi sotib oldi. Aholi bitta asalari oilasidan 700-800 ming soʻmdan foyda koʻrdi. Bu tashabbus Olchin, Matqulobod qishloqlarida ham keng quloch yozdi, tumandagi fermer xoʻjaliklariga 300 ta asalari oilasi tarqatildi. Astoydil kirishgan fuqarolar asalning oʻzidan 10 million soʻm, asalari oilasini sotishdan esa 25 million soʻmgacha daromad topdi.

    — Besh yil avval 30 ta asalari oilasi olgandim. Bugunga kelib ular soni 65 taga chiqdi, — deydi Mullavali qishlogʻida yashovchi Hoshimjon Imomov. — Yurakdan chiqarib parvarish qilinsa, turgan-bitgani xazina, daromad manbai ekan. Bu ishlarda kooperatsiya vakillarining xizmatlari katta. Baraka topishsin, bilganlarini oʻrgatish, maslahat berishdan qochmaydi...

    “Asal markazi” ochishdan maqsad ham boshqalarga oʻrgatish, oilalarni daromadli qilish. Kelgusida apiterapiya — asalari bilan davolash muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi bu yerda. Mazkur davolash usuli juda qadimdan qoʻllanib kelinadi. Joy masalasi hal boʻlsa, davolash muassasasi binosi ham quriladi.

    Oʻtgan yili mazkur dehqon xoʻjaligi tomonidan 100 ming dollarlik asal eksporti amalga oshirildi. Ayni kunda 2 mingdan ziyod asalari oilasi parvarish qilinmoqda. Bu yiliga oʻrta hisobda 14-15 tonna asal yigʻib olinadi degan gap.

    Yaqinda pokistonlik tadbirkorlarga “Bagʻdod zamin asali” brendi ostida 20 tonna asal yetkazib berish boʻyicha shartnoma tuzildi. “Asal markazi”da esa 30 xildan ortiq tabiiy, sof asal mahsulotlari, ari boqish uchun kerakli barcha uskuna va qoʻllanmalar mavjud boʻlib, mutaxassislar doimiy ravishda mijozlarga oʻz maslahatlari bilan beminnat yordam koʻrsatmoqda.

    Aytishlaricha, bir kilo asal uchun bolarilar oʻn millionta gul va yaproqqa qoʻnib, nektar yigʻadi. Shu sababli keyingi yillarda fermer va bogʻbonlar tomonidan asalarichi fermer bilan hamkorlikda ishlash istagini bildirayotgan takliflar koʻpaygan. Gap shundaki, asalari boqilgan hududda mevali daraxtlar guli 30 foiz, paxtaniki esa 15-20 foizgacha qoʻshimcha changlanib, hosildorlik ortadi.

    Bundan tashqari, tumandagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan 20 nafar xotin-qizga yil davomida moddiy koʻmaklashish anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan. Yaqinda esa viloyatdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun 500 kilo asal beminnat tortiq qilindi.

    Bagʻdod tomonlarga yoʻlingiz tushsa, “Asal markazi”ga ham bir kirib oʻting. ­Tilyorar asaldan tatib koʻrishni, qiziqish va imkon topsangiz, bu serdaromad soha bilan shugʻullanishni tavsiya qilamiz.

    Rasuljon KAMOLOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri