Bu yil Samarqand dunyoni oʻziga qaratdi, qarata oldi. Ketma-ket yirik tadbirlarga mezbon boʻlayotgan shahar bugun yana bir katta anjumanga hozirlik koʻrmoqda. Biz mazkur tadbirlar doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonchilik ishlari barchani birdek hayratga solayotgani, dunyoning mana-man degan siyosatchilarining eʼtirofi-yu, ommaviy axborot vositalari biri olib, biri qoʻyib Samarqand haqida maqolalar berayotgani, filmlar suratga olayotgani tafsilotlarini yozmoqchi emasmiz. Bugungi hikoyamiz ana shu ishlarga sabab boʻlayotgan, mezbonlikni joyiga qoʻyayotgan Samarqandning koʻpmillatli xalqi, ularning hamjixatligi, ahil-inoqligi haqida.
Mamlakatimizda hukm surayotgan millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlik oʻz-oʻzidan vujudga keladigan hodisa emas, balki u davlat tomonidan olib boriladigan milliy siyosatning hosilasidir. Bugun ijobiy va oʻzaro hurmatga asoslangan muhitni mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlar bu yoʻlda yangicha yondashuv va strategik maqsadni birlashtirgan tizim shakllanishiga xizmat qilmoqda. Mazkur tizimning muvaffaqiyati esa tinchlikni saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, barqaror rivojlanish uchun asos yaratadi.
Kuni kecha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Samarqandga press-tur tashkil etildi. Jurnalistlar viloyat markazidagi nodavlat notijorat tashkilotlari hamda milliy madaniy markazlar joylashgan “Doʻstlik uyi” faoliyati bilan atroflicha tanishish imkoniga ega boʻldi.
Bu tashkil etilgan tadbir bejizga emas, albatta. Zero, viloyatda mahalliy aholi bilan birgalikda yahudiy, fors-tojik, qozoq, turkman, arab, yunon va boshqa millat vakillari tinchlik-totuvlikda yashamoqda. Ajdodlarning bagʻrikenglik anʼanalarini munosib davom ettirgan holda bugungi kunda 400 ming nafardan ortq turli millat vakillari hudud ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va maʼrifiy taraqqiyoti yoʻlida mehnat qilayotir.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan soʻnggi yillarda sohaga oid qabul qilingan qonun, farmon, qaror va boshqa meʼyoriy hujjatlar turli millat vakillarining mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi faolligini oshirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda, – deydi Samarqand viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari Bahodir Qodirov. – Viloyatda 11 ta milliy madaniyat markazi faoliyat yuritadi. Hududimizdagi 137 ta maktabda qardosh tillarda taʼlim yoʻlga qoʻyilgan. Samarqanddagi birorta maʼnaviy-maʼrifiy tadbir, milliy bayram tantanalari ularning ishtirokisiz oʻtmaydi.
– Bugun “Doʻstlik uyi”da 11 ta milliy madaniyat markaz bilan birga 36 ta nodavlat notijorat tashkiloti ham faoliyat koʻrsatib kelmoqda, – deydi “Doʻstlik uyi” direktori Doston Malikov. – Bu yerda muzey, kutubxona, kovorking markazi va boshqa qator qulayliklar mavjud. Milliy madaniy markazlar oʻzaro doʻstlik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan boʻlsa, nodavlat notijorat tashkilotlari ayollar, yoshlar, sogʻliqni saqlash, sport, sayyohlik sohasida samarali faoliyat koʻrsatmoqda.
Doʻstlik va mehr goʻshasiga aylangan bu maskanda odamlar oʻzbek tili bilan birga tojik, rus, qozoq, koreys, polyak, turk, tatar, boshqird, ozarbayjon, arab va boshqa koʻplab tillarda muloqot qiladi, ushbu tillarda qoʻshiqlar baralla yangraydi. Toʻrt qavatli binoda ishlash, faoliyat yuritish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, xonalar texnika va mebel jihozlari bilan toʻliq taʼminlangan, jamoalarning hududlar boʻylab xarakatlanishi uchun avtobus ajratilgan.
Fursatdan foydalanib, turli millat vakillari bilan suhbatlashishga harakat qildik. Ularning samimiy muloqotga kirishishlari, suhbatdoshga esa qadrdonlardek munosabatda boʻlishlari, oʻzlariga yaqin olib gapirishlarida xalqimizga xos umumiy fazilatlar namoyon edi.
– Oʻzbekistonda turli konfessiya vakillari oʻrtasida mustahkam doʻstlik, bagʻrikenglik muhiti taʼminlangan, – deydi Tatar-boshqird milliy madaniyat markazi rahbari Axmed Subxonqulov. – Oʻzbekistonimizda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillari bir tanu bir jon boʻlib yashab kelmoqda. Oʻzbekistonda millati, tili, dinidan qatʼi nazar barcha millat vakillari teng huquqli. Buning uchun davlat rahbariga rahmat. Biz shunday tinch, osuda yurtda yashayotganimizdan baxtiyormiz.
– Bilasizmi, mahallamizda oʻndan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi, – deya gap boshladi oʻzini Polina Saykina deb tanishtirgan navbatdagi suhbatdoshimiz. – Yaqinda bir qoʻshnimizning boshiga katta tashvish tushib, qarzga botdi, moddiy tomondan juda qiynalib qoldi. Yordam soʻrab turli tashkilot va idoralarga bormadi, biz oʻzimiz mahalla, qoʻshnilar maslahatlashib, unga yordam koʻrsatdik, muammosini koʻplashib bartaraf qildik. Menimcha, odamlari bagʻrikeng bunday yurtda, mamlakatda yashayotgan turli millat kishilari doim dildan shukrona keltiradilar.
Darhaqiqat, insoniyat uchun eng katta boylik tinchlik, tinchlikning manbai esa hamjihatlikdir. Bu neʼmatlarning qadriga yetish hamda turli millat va elatlar vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashayotgan Vatanimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, kimligimizdan qatʼi nazar, barchamizning muqaddas burchimiz hisoblanadi.
Nodir MAHMUDOV