Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi “Baliq qarma” nomi va anʼanaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy himoya qiladi, sifat standartlarini mustahkamlaydi hamda Qoraqalpogʻistonning hududiy gastronomik brendini targʻib etish imkonini kengaytiradi.

Taom Orol dengizi va Amudaryo deltasiga yaqin hududlarda shakllangan qadimiy ovqatlanish anʼanalari, baliqchilikka tayanuvchi turmush tarzi, shuningdek, oʻziga xos tayyorlash usuli bilan ajralib turadi. “Baliq qarma” tarkibida pishirilgan baliq, shoʻrva, 1×1–2×2 sm oʻlchamdagi quritilgan xamir boʻlaklari hamda sabzavotlar ishlatiladi. Shoʻrvaning yuzasidan olingan yogʻ mayda toʻgʻralgan piyoz ustiga quyilib, taomga xos taʼm va hidni beradi.

Maʼlumot uchun, geografik koʻrsatkich – bu mahsulotning maʼlum hududga xosligi va uning sifati, mashhurligi yoki boshqa belgilari oʻsha hududning tabiiy, insoniy va tarixiy omillariga chambarchas bogʻliq boʻlganini ifodalovchi intellektual mulk obyekti hisoblanadi.