Uchrashuvda mehnat migratsiyasi, xususan, O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyaga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jalb qilish jarayonlarini tiklash, imtihonlardan o‘tgan va mehnat shartnomalari kelgan fuqarolarni ushbu davlatga jo‘natish masalalari muhokama etildi.

Jumladan, pandemiya sharoitida Koreya Respublikasiga yuborish jarayonini tashkillashtirish maqsadida jo‘natilayotganlarni koronavirusga qarshi emlash, ketishdan oldin karantinda bo‘lishi uchun karantin talablariga rioya etgan holda barcha sharoitlarni yaratishga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tayyor ekanligi ma’lum qilindi.

O‘z o‘rnida elchi janoblari O‘zbekiston fuqarolarini vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jalb qilish jarayonlarini tiklashdan Koreya iqtisodiyoti ham manfaatdorligini bildirib, ushbu takliflarni Koreya Respublikasining tegishli vakolatli tashkilotlariga yetkazishini hamda mazkur masala yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi matbuot xizmati.