Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi fuqaro I.K. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 2.700.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan  yechib olinganligini maʼlum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahri Yashnobod tumanida yashovchi 30 yoshli R.K. sodir etganligi aniqlangan.

Gumonlanuvchi sifatida tergov harakatlariga jalb etilgan R.K. jabrlanuvchi I.K.ning tanishi boʻlib, uning uyali telefoniga kelgan SMS-xabarnomani bilib olishi orqali bank kartasining boshqaruvini qoʻlga kiritganligi va uning hisobidagi pullarni oʻz ehtiyojlari uchun sarflab  yuborganligi maʼlum boʻldi.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, R.K.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari  davom ettirilmoqda.

Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.