PMTIdan maʼlum qilishlaricha, buning uchun Xerfindal-Xirshman indeksi (HHI)dan foydalanildi. Chunki u raqobat darajasini ifodalaydigan konsentratsiya koʻrsatkichi hisoblandi. Ushbu koʻrsatkich boʻyicha mavjud bozorlar raqobat darajasiga koʻra 3 guruhga boʻlinadi:
- yuqori darajada konsentratsiyalashgan (1800< HHI<10000); - oʻrta darajada konsentratsiyalashgan (1000< HHI<1800); - past darajada konsentratsiyalashgan (HHI<1000).
Bunda konsentratsiyalashuv darajasi qancha past boʻlsa, banklar oʻrtasidagi raqobat muhiti shuncha yaxshi boʻladi.
Tadqiqot davomida bank sektorining aktivlar boʻyicha konsentratsiya darajasi pasaygani aniqlandi. Agar u 2017-yilning 1-yanvarida 1122,2 ni tashkil qilgan boʻlsa, 2022-yilning 1-aprelida 986,9 ga qadar pasaygan. Bu esa bank xizmatlari bozorida raqobat kuchayib borganligidan dalolat beradi.
Agar 2017-yilning boshida mamlakatimizdagi tijorat banklarining aktivlari hajmi 84,1 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning 1-aprel holatiga koʻra 449,5 trillion soʻmga yetgan (oʻsish 5,3 barobar). Shuningdek, tahlil qilinayotgan davrda kreditlar hajmi 6,5 barobar, depozitlar hajmi esa 4,1 barobar oʻsgan.
2017-yilning yanvar oyida 3 ta bank (Oʻzmilliybank, Oʻzsanoatqurilishbank, Asakabank) ulushi bank tizimining barcha aktivlarida 49,4 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yil 1-aprel holatiga koʻra ularning ulushi 44,7 foizgacha qisqargan.
Bank sektorining kreditlar boʻyicha Xerfindal-Xirshman indeksi (HHI) 1238,8 dan 1115,9 gacha qisqargan va u “oʻrta darajada konsentratsiyalashgan bozorlar” diapazonining pastki chegarasiga tobora yaqinlashmoqda. Holbuki, 2017-yilning oktyabr oyidan 2019-yilning oxirigacha indeks diapazonning yuqori qismiga yaqinroq edi. Bank sektorining depozitlar boʻyicha raqobat indeksi 811,7 dan 727,1 gacha qisqargani maʼlum boʻldi. Demak, bank xizmatlari bozori past darajada konsentratsiyalashgan.
2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham davlat ulushiga ega tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlash, 2026-yil yakuniga qadar bank aktivlarida xususiy sektor ulushini 60 foizgacha yetkazish koʻzda tutilgan. Oʻtkazilgan mazkur tadqiqot mamlakatimizda banklar oʻrtasidagi raqobat kuchayib borayotganini koʻrsatdi. Davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor va xorijiy investorlarni jalb qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar raqobat muhitini yaxshilash va bank sektorini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.