Prezidentimiz O'zbekiston yoshlari forumida “...Ajdodlardan ibrat olib, hayotda mo''jizalar yaratishga astoydil intilishingiz kerak. O'z tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o'tmasin! YOshlik — umrning eng bebaho davri. Ilm o'tda yonmaydigan, suvda cho'kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!
...Siz Xorazmiylar, Farg'oniylar, Beruniy va Ibn Sino, Ulug'bek, Navoiy va Boburlar, Buxoriylar, Termiziylar avlodisiz. Ana shunday buyuk vatandoshlarimiz yaratgan bebaho bilim va kashfiyotlar bugun ham butun insoniyatga xizmat qilmoqda.... Bu o'rinda qomusiy olim Muhammad Xorazmiy asos solgan ilm — “algoritm”ni insoniyat hamon minnatdorlik bilan eslamoqda. Uning olamshumul kashfiyotlari bugungi axborot texnologiyalarini yaratishda ham asos bo'lgan”, deya bobolarimizning yuksak salohiyatiga alohida urg'u berdi. Bu, albatta, bejiz emas.
CHunki ayni paytda yangilanayotgan O'zbekistonda alloma ajdodlarimizning fanlar sohasida yaratgan kashfiyotlari bilan yoshlarni keng tanishtirish, ilmiy izlanishlarida tayanch manba sifatida murojaat qilishga yo'naltirish maqsadida qator amaliy ishlar bajarilyapti. Jumladan, yurtimizda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo'nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi. Ta'lim muassasasida iqtidorli yoshlarga matematika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo'nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirilgan dasturlar asosida o'qitish, milliy va dunyo ilm-fanining yangi yutuqlarini o'rgatish, kelgusida yurt ravnaqiga munosib hissa qo'shadigan etuk mutaxassis bo'lishlariga zamin yaratildi.
Prezidentimizning 2017 yil 15 martdagi “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga binoan mazkur oliy o'quv yurtiga Muhammad al-Xorazmiy nomi berildi. Universitetning iqtidorli talabalari uchun beriladigan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi davlat stipendiyasining joriy etilishi va “Muhammad al-Xorazmiy avlodlari” ilmiy jurnalining ta'sis qilinishi bobomizning bebaho ilmiy merosini o'rganish, targ'ib qilish, u kabi fanlar sohasida ilmiy tadqiqot bilan shug'ullanuvchi yosh olim va ilmiy izlanuvchilarning ishlari natijalarini, ilmiy maqolalarini e'lon qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
SHuningdek, davlatimiz rahbarining shu yil 7 maydagi “Matematika sohasidagi ta'lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, matematika sohasidagi fundamental va amaliy ilmiy izlanishlari natijalariga ko'ra amaliyotdagi muayyan muammoning echimini taklif etgan olimlarni mukofotlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti ta'sis etiladigan bo'ldi. Mukofot bilan O'zbekiston Respublikasi, chet fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar ham taqdirlanishi ta'kidlangan. Mukofot ikki yilda bir marta O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Fan va texnologiyalar bo'yicha respublika kengashining taklifiga ko'ra uchta yo'nalish (fundamental sohadagi tadqiqot, yoshlar o'rtasidagi tadqiqot va iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning echimini ta'minlagan tadqiqot) bo'yicha beriladi. Har bir yo'nalish bo'yicha mukofot sovrindorlariga belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag'lari hisobidan 50 ming AQSH dollari ekvivalentidagi pul mukofoti berilishi nazarda tutilgan.
Ilm-fan sohasiga aloqador keng ko'lamli ishlarga buyuk bobomiz nomi berilgani zamirida ulkan ma'no-mazmun mujassam. Jumladan, ulug' ajdodimiz nomi bilan yuritiladigan ta'lim muassasalari o'quvchi-talabalari o'z zimmasida atoqli vatandoshimizga munosiblik mas'uliyatini tuyadi. Qomusiy bilimlar sohibi bo'lgan ajdodimiz ilmiy merosini chuqur o'rganishga intiladi. Zero, jahonda Xorazmiy bobomiz nomi va asarlari etib bormagan joy juda oz. U taratgan ilm nurlari asrlar osha dunyoning eng nufuzli oliy ta'lim muassasalarida ham shu'la sochmoqda.
SHarqning Xorazmiydan keyin yashagan mashhur matematigi Abu Komil Fujo ibn Aslam bunday degan edi: “Men hisob olimlarining kitoblarini ko'p o'qidim. Bu kitob orasida Muhammad Muso Xorazmiyning “Al-jabr val muqobala” kitobini eng sog'lom qoidali va eng to'g'ri qiyosli deb topdim. SHunday bo'lgach, Xorazmiy kitobini oldinga qo'yish, uning bilim va fazilatiga iqror bo'lishimiz lozim. CHunki Xorazmiy bu kitobni birinchi bo'lib yozgan kishidir. U ixtiro qilgan qoidalar orqali “al-jabr val muqobala”ning yashirin qolgan joylarini o'rgandik, aqldan uzoqlarini aqlga muvofiqlashtirdik, qiyinlarini osonlashtirdik...”.
Xorazmiy o'z algebrasida qanday manbalarga asoslangani ma'lum emas. Xorazmiy keltirgan qoidalar (algoritmlar) bo'yicha kvadrat tenglamalarning echimini topish usuli deyarli XVI asrgacha qo'llab kelindi.
Prezidentimiz YOshlar forumida “Kuni kecha olis Ispaniyaning Madrid shahridagi Komplutense universitetida alloma bobomizning haykali o'rnatilgani ham bu xalqaro e'tirofning yaqqol isbotidir. Mashhur ajdodimiz xotirasiga ko'rsatilgan bunday ulkan ehtiromni, biz ayni vaqtda xalqimizga, uning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga ko'rsatilgan yuksak hurmat ramzi sifatida qabul qilishimiz kerak”, deya e'tirof etgani bu buyuk allomaning ilm-fan yo'lidagi beqiyos xizmatlari naqadar yuksakligini ko'rsatib turibdi.
Akram AKMALOV,
pedagogika fanlari nomzodi, dotsent
Abbos AKMALOV,
pedagogika fanlari nomzodi, dotsent









