Dunyo mafkuraviy manzarasiga teran nigoh bilan nazar tashlasak, tahlikali vaziyatlar tobora avj olishi kutilmagan xavf-xatar va tahdidlarni yuzaga chiqarayotgani guvohi boʻlamiz. Afsuski, bunday ziddiyatli va tahlikali jarayonlar, iqtisodiy qarama-qarshiliklar qanday oqibatlar bilan xotima topishini bashorat qilish qiyin.
Hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekiston aholisi 2040-yilga borib 50 millionga yetishi, jamiyatning yarmidan koʻpini yoshlar tashkil qilishini inobatga olsak, ular uchun munosib hayot sharoiti yaratishda, eng avallo, xavfsiz davlat, barqaror iqtisodiyot, ixcham va samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlarni taʼminlashning yechimi bugungi konstitutsiyaviy islohotlarga bogʻliq ekanini tushunish mushkul emas.
Shu maʼnoda, biz konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida shoshma-shosharlikka yoʻl qoʻymadik. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash davomida mutaxassislar va deputatlar 400 dan ziyod xalqaro hujjat va 190 dan ortiq davlat tajribasini oʻrgandi. Loyiha 6 turdagi ekspertizadan oʻtkazildi. Bu esa, oʻz navbatida, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, yangi Oʻzbekistonni barpo etish gʻoyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh qonunimiz tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlayotganini anglatadi.
Konstitutsiyaning yangi tahririda taʼlim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilishi va oʻqituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega boʻlishi belgilanmoqda. Endi yurtimizda oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida maʼrifatparvar jadid bobolarimizning “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, degan hikmatini eslatar ekan, bu tamoyil deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar, mahalliy kengashlar, butun davlat boshqaruvi jamoasi, keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi kerakligini aytgani bejiz emas, albatta. Murojaatnomada maktablarda taʼlim sifati hamda jamiyatda oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, ularning sharoitlarini yaxshilash 2023-yilda davlatimizning eng asosiy vazifalaridan biri boʻlishi taʼkidlangan edi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi belgilangan. Shu tariqa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlatning oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish majburiyati kuchaytirilmoqda. Bu esa yurtimizdagi 685 mingdan ortiq oʻqituvchining professional oʻsishi, ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlanishi, jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obroʻsini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Har qanday davlat taraqqiyotining tamal toshi bevosita taʼlim va tarbiya masalalariga qaratilayotgan eʼtibor bilan bogʻliq. Masalan, Fransiyada boylar oʻz yashash joyi bilan maqtanish uchun oʻqituvchilarga qoʻshni boʻlishga intilar ekan. Germaniyada ham oʻqituvchiga munosabat oʻzgachaligini koʻrish mumkin. Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel norozilik bildirayotgan shifokorlarga qarata: “Maoshingiz sizni oʻqitgan oʻqituvchilarning ish haqidan yuqori boʻlishini kutmasligingiz kerak”, degandi. Buyuk Britaniyada iqtidorli boladan “u – daho, xuddi oʻqituvchidek fikrlaydi”, deya faxrlanishadi.
Taʼlim-tarbiya masalasi dunyoga mashhur davlat arboblari eʼtiboridan hech qachon chetda qolmagan. Mustafo Kamol Otaturkdan tarbiya haqida soʻrashdi: “Agar jumhuriyat prezidenti boʻlmaganingizda, kim boʻlar edingiz?” U oʻylamasdan turib dedi: “Tarbiya vaziri boʻlar edim!”
Otaturk ana shunday fikrlar edi. U oʻz istaklariga mos avlodni tarbiya qilishni istadi.
Sharq hikmatlarida “Agar inson ilm nuri bilan oʻz yoʻlini yoritmasa, zulmat va nodonlik koʻchasida qoladi”, deya bejiz taʼkidlanmagan. Kishi qalbining nuri ilm va maʼrifat bilan baquvvat boʻladi. Insoniyatning qadri ham ilm bilan yaraladi. Jamiyatning asosiy negizi boʻlgan taʼlim va tarbiya jarayonida insonning sifatlari, dunyoqarashi hamda shaxsiy va kasbiy qobiliyatlari shakllanib, oʻsib boradi.
Shuning uchun yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi belgilanishi dolzarb vazifadir. Zero, jamiyatni inson, insonni esa taʼlim va tarbiya oʻzgartiradi. Millat va xalqning rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirish, avvalambor, oʻqituvchilar faoliyatiga bogʻliq.
Mansur MUSAYEV,
siyosiy fanlar doktori (Dsc)