Unda Oʻzbekiston Republikasi Moliya, Tashqi ishlar, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi vakillari ishtirok etmoqda. Konferensiyada keksalarning yoshidan qatʼiy nazar, ajralmas va barcha insonlarga xos boʻlgan huquqlaridan toʻliq foydalanishini taʼminlash, keksa odamlarning salohiyatini tan olish, ularning uzoqroq ishlash muddati va mehnat qobiliyatini ragʻbatlantirish, bunda munosib qarishni taʼminlash masalalari muhokama qilinyapti.
Mazkur konferensiyada Germaniya, Fransiya, Avstriya, Shveysariya, Niderlandiya, Sloveniya, Isroil kabi 50 dan ziyod mamlakatlarning ijtimoiy himoya sohasidagi ilgʻor tajribaga ega mutaxassislari ishtirok etyapti. Tadbir doirasida BMT Yevropa Iqtisodiy tashkiloti komissiyasining hududdagi qarilik muammolari boʻyicha 2017-2022-yillar uchun Madrid xalqaro harakatlar rejasi ijrosi taʼminlanishi yuzasidan umumlashtiruvchi hisobotining taqdimoti boʻlib oʻtmoqda.
Anjuman ochilishida soʻzga chiqqanlar ijtimoiy himoya sohasi oldida turgan yangi muammolarga muvofiq ijtimoiy taʼminotni isloh qilish zarurligi va ushbu sohadagi mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning ahamiyati haqida soʻzladi. Shuningdek, anjumanning ahamiyati ham shu nuqtayi nazardan qayd etildi.
Tadbirda Yevropa mamlakatlari vakillarining ijtimoiy himoya va pensiya tizimidagi soʻnggi yangiliklarga va islohotlarga bagʻishlangan maʼruzalari bilan qatnashishlari hamda mavjud muammolar va istiqboldagi rejalarni muhokama qilish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Pensiya jamgʻarmasi matbuot xizmati.