9-fevral kuni poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida buyuk shoir, mutafakkir, soʻz mulkining sultoni Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 584-yilligiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Aytish joiz, bu yilgi tadbir oʻzgacha tayyorgarlik, koʻtarinki ruh bilan oʻtdi, bir qancha xorijiy mehmonlarning ishtiroki va Hazrat Navoiyga hurmat hamda ixlosining isboti sifatidagi samimiy tabrik soʻzlari yigʻilganlarga manzur boʻldi.
Tadbirda qatnashgan Vengriyaning Oʻzbekistondagi elchisi Yojef Roja ham yigʻilganlarga oʻzining samimiy tilaklarini aytib, Vengriya va Oʻzbekistonning keng qamrovli aloqalari kelajakda yangi ufqlar ochishiga ishonch bildirdi.
— Dunyoga dong taratgan buyuk shoir — Navoiy hazratlari tavalludining 584-yilligini nishonlashda qatnashayotganim, bu yerga kelganimdan xursandman, — deydi Yojef Roja. — Oʻzbekiston shunday buyuk shoiri bilan faxrlansa arziydi. Sharqshunos, tilshunos olim, Vengriya Fanlar akademiyasi aʼzosi Herman Vamberi Mulla Isʼhoq koʻmagida Navoiyning noyob asarlarini oʻrganib, venger xalqiga bu maʼnaviy merosni tuhfa etishga bel bogʻlagan edi. Ularning katta mehnati bilan venger xalqi bu xazinadan bahramand boʻldi. Hozirda Vengriyada Navoiy gʻazallarini tarjima qilish, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarini venger tilida nashr etish boʻyicha ishlar boshlangan. Vengriya va Oʻzbekiston oʻrtasidan oʻzaro hurmat, oliy darajadagi doʻstlik va hamkorlik aloqalarini alohida taʼkidlashni istardim. 2024-yil Vengriyada Navoiy haykali oʻrnatilgani oʻzbek xalqiga hurmat va doʻstlikning yaqqol ifodasidir.
Muhtasham Adiblar xiyoboni keng jamoatchilik vakillari bilan gavjum boʻldi. Jonli ijrodagi orkestrlar jamoasi ishtiroki, kuy-qoʻshiqlar, sahna koʻrinishlari tadbirga fayz qoʻshdi. Turli mutasaddi tashkilotlar ushbu tantanali tadbirda ishtirok etib, buyuk alloma, oʻzbek adabiy tili asoschisi Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qoʻydi.
Joriy yil 7-fevral kuni “Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targʻib qilish hamda Navoiy viloyatida «Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident qarori qabul qilingan edi. Shu kunlarda Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerika qitʼalaridan kelgan koʻplab taniqli adabiyotshunos olim va tadqiqotchilar mamlakatimiz ilm va adabiyoti ahli bilan birgalikda Navoiy viloyatida boʻlib oʻtayotgan “Navoiy va Sharq Renessansi” IV anʼanaviy xalqaro simpoziumida ishtirok etmoqda.
8-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu anjuman qatnashchilariga tabrik yoʻlladi. Mazkur anjumanni Navoiy viloyatida, “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilingan yilda hamda uning tavalludi yurtimiz boʻylab koʻtarinki ruhda nishonlanayotgan shu kunlarda oʻtkazilayotgani xalqaro tadbirning fayzi va shukuhini oshirmoqda.
Rashid Xoʻjamov,
“yuz.uz” muxbiri
Foto: Hakim Yoʻldoshev.