Mazkur marosimni shunchaki milliy taomnomamizdagi yegulik pishirish jarayoni emas, balki asrlar osha sayqal topib kelayotgan qadriyatlar, maʼnaviy-estetik qarashlar va ijtimoiy munosabatlarning yaxlit majmui sifatida eʼtirof etish oʻrinli. Zotan, avloddan avlodga meros boʻlib oʻtayotgan bu qadimiy anʼana oʻz zamirida chuqur falsafiy, psixologik hamda sanʼatkorona mohiyatni mujassam etgan yuksak madaniy hodisa, desak yanglishmaymiz.
Tun boʻyi doshqozon atrofida qaynaydigan hayot shunchaki tungi bedorlik emas, oʻziga xos ruhiy poklanish maydoni. Qishning uzun va qirovli kunlarida odamlar qalbida yigʻilib qolgan gʻuborlar, sovuq zahmatlari aynan shu qozon boshidagi samimiy diydorlashuv haroratida erib ketadi. Ayollar, moʻtabar momolar va qiz-juvonlar oʻz dardu hasratlarini, orzu-umidlariyu quvonchini bir-biri bilan baham koʻradi. Qozon atrofidagi qaynoq suhbatlar hamda ezgu niyatlar chinakam ijtimoiy terapiya, ruhiy yengillik vositasi vazifasini oʻtaydi.
Sanʼat nuqtayi nazaridan yondashganda, ayni jamoaviy marosim xalq ogʻzaki ijodi durdonalari yaraladigan laboratoriya, qadimiy va tirik sahna vazifasini ham bajaradi. Asrlar davomida xalqimiz orasida tildan tilga koʻchib yuruvchi oʻlanlar, yallalar, laparlar va xalq qissalari bevosita mana shu gulxan yorugʻidagi kechalarda sayqal topgan. Qozon kovlayotgan momolarning mungli yoxud joʻshqin xirgoyilari kelin-qizlar tilida mutlaqo yangidan jilo topib, avlodlar silsilasini mustahkamlovchi musiqiy koʻprikka aylanadi. Olovning chars-churs yonishiyu kapkirning qozonga urilishidan hosil boʻladigan ritm goʻyo qadimgi musiqiy ohanglarimizning zarbli usullarini yodga soladi. Aynan shu musiqiy va ruhiy uygʻunlik muhitida yangidan yangi xalq qoʻshiqlari dunyoga kelgan. Doshqozon atrofida aytilgan har bir bayt, har bir xalqona taronada jamiyatning teran ijtimoiy xotirasi hamda estetik tafakkuri mahsuli yaqqol namoyon boʻladi.
Bugʻdoy maysalarining undirilishi tabiatning uygʻonish ramzigina emas, umr uzluksizligining boqiy timsoli hamdir. Maysalarning yashil rangida hayotbaxsh energiya va ezgulikka intilish aks etadi. Qozon tubiga tashlanadigan toshlar esa insonlarni hayotning qattiq sinovlariga bardoshli, toshdek mustahkam iroda egasi boʻlishga undovchi metaforik belgidir. Ayni neʼmatning pishib yetilishi uchun sarflanadigan mashaqqatli mehnat, tungi bedorlik va nihoyat sahardagi totli natija — bularning barchasi insonni sabr-toqat, mehnatkashlik va oxir-oqibat goʻzal samaradan bahramand boʻlishga oʻrgatuvchi tarbiya maktabi boʻlib xizmat qiladi.
Qadimiy miniatyura asarlarida navroʻzoldi sayillari doimo xalqning eng ulugʻvor bayrami sifatida tasvirlanganiga guvoh boʻlamiz. Doshqozon atrofidagi manzaralarda ranglarning yorqinligi, odamlar yuzidagi samimiy kulgi hamda harakatlardagi shiddat oʻzaro uzviy ifodasini topgan. Bugun biz mazkur miniatyuralarni shunchaki oʻtmish xotirasi emas, balki qon-qonimizga singib ketgan jonli anʼana sifatida oʻz hayotimizda his qilamiz. Tarixiy koʻrgazmalarimizni bezab turgan qadimiy mis qozonlar va naqshinkor kapkirlar esa oddiy roʻzgʻor buyumi doirasidan allaqachon chiqib ketganiga qaramay, asrlar davomida xalqimizning dardini tinglagan, quvonchiga sherik boʻlgan bebaho madaniy yodgorliklar boʻlib qolaveradi.
Shu bois, mutaxassislar asrlar osha yashab kelayotgan bunday yigʻinlarni mukammal etnomadaniy hodisa sifatida eʼtirof etadi. Zotan, uning zamirida adabiyot, musiqa, xoreografiya hamda tasviriy sanʼat unsurlari yaxlit birlashib ketadi. Bir marosimning oʻzida ham ijodkor, ham ishtirokchi, ham tomoshabin boʻlish imkoniyati mavjudligi qadimiy sinkretik sanʼatning eng goʻzal va nodir koʻrinishidir. Bunday ommaviy oqshomlar hozir ham yosh ijodkorlar, shoirlar va bastakorlar uchun ilhom chashmasi boʻlib xizmat qiladi.
Bugungi tezkor va globallashuv jarayoni jadallashgan murakkab davrda milliy oʻzlikni anglash, asriy qadriyatlarimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Jamiyat oʻzligini asrab qoluvchi, odamlarni yagona ezgu maqsad atrofida jipslashtiruvchi bebaho omillar orasida jamoaviy marosimlarning oʻrni beqiyos ekani yanada ravshan. Bitta qozondan umid bilan bahramand boʻlish gʻoyasi aslida butun bir millat birdamligi, hamjihatligi hamda bagʻrikengligining yorqin ramzi sifatida talqin etiladi.
Jamiyatimizning maʼnaviy poydevori yuksalib, mustahkamlanib borayotgan ayni kunlarda mazkur marosimlar xalqimiz qalbida milliy gʻururni yuksaltirishga, yoshlar shuurida esa vatanparvarlik va oʻz tarixiga hurmat tuygʻularining kurtak yozishiga xizmat qiladi. Davlatimiz tomonidan milliy merosimizni asrab-avaylash, xalq xotirasini tiklash borasidagi oqilona siyosat zamirida ham aynan shunday oʻlmas qadriyatlarni kelajak avlodlarga bus-butun yetkazishdek ulugʻvor maqsad mujassam. Jipslashgan xalq esa oʻzining ming yillik madaniyati, sanʼati va estetikasi bilan har qanday tarixiy sinovlarni yengib oʻtishga qodir.
Bahorning musaffo nafasi, qozonlarning qaynashi yurtimizda barqaror tinchlik, osoyishtalik va fayzu barakadan darak beruvchi sado boʻlib yangraydi. Xalqimizning uzoq oʻtmishdan omon kelayotgan betakror anʼanalari esa milliy oʻzlikni anglash, madaniyatimizni jahonga tanitish va oʻzaro mehr-oqibat rishtalarini bardavom saqlash yoʻlidagi mashʼala sifatida hamisha porlab turishi esa barchamizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.
Asilbek QOLQANOTOV,
tayanch doktorant