“Barkamol avlod”: Fargʻonalik voleybolchilar yana zafar quchdi

    Xabaringiz bor, shu kunlarda “Barkamol avlod” sport musobaqalarining respublika final bosqichlari koʻtarinki ruhda tashkil etilmoqda.

    Voleybol boʻyicha oʻgʻil bolalar oʻrtasida tashkil etilgan akademik litsey va professional taʼlim muassasalari oʻquvchi-yoshlari ishtirokidagi navbatdagi musobaqaga Toshkent shahri mezbonlik qildi.

    Mazkur musobaqada hududiy saralash bosqichlarida gʻalaba qozonib, respublika final bosqichiga yoʻllanma olgan Samarqand, Buxoro, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlari jamoalari gʻoliblik uchun kurash olib borishdi.

    Keskin qarama-qarshiliklar ostida kechgan musobaqa yakuniga koʻra, Fargʻona viloyati vakillari chempionlikni tantana qilishdi. 2-oʻrin Buxoro viloyati sportchilariga nasib etgan boʻlsa, 3-oʻrinni Samarqand viloyati vakillari qoʻlga kiritishdi.

    Eslatib oʻtamiz, voleybol boʻyicha qizlar oʻrtasida Xorazmda tashkil etilgan musobaqalarda ham gʻoliblik fargʻonalik sportchi qizlarga nasib etgan edi.

    Maʼlumot uchun, “Barkamol avlod” sport musobaqalarining respublika final bosqichidan oʻrin olgan navbatdagi musobaqa gandbol boʻyicha Andijon shahrida boʻlib oʻtadi.

    Manba