Sirdaryo viloyati mezbonlik qilgan ushbu musobaqalarda respublikamizning 14 ta hududidan akademik litsey va professional taʼlim muassasalari oʻquvchi-yoshlari respublika chempionligi uchun kurash olib bordi.
Oʻtkir aql sohiblari oʻrtasidagi murosasiz bellashuvlarda 200 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi va final bahslari yakuniga koʻra, shaxmat boʻyicha oʻtkazilgan musobaqada umumjamoa hisobida Toshkent shahri vakillari 1-oʻrinni oʻzlariniki qilishdi. Jizzaxlik yoshlar 2-oʻrin bilan taqdirlanishgan boʻlsa, faxrli 3-oʻrin Buxoro viloyati sportchilariga nasib etdi.
Shashka boʻyicha oʻtkazilgan musobaqalarda mezbonlar, Sirdaryo viloyati vakillari eng kuchli ekanliklarini namoyish etdi. Toshkent shahri terma jamoasiga 2-oʻrin nasib etgan boʻlsa, samarqandlik yoshlar 3-oʻrin bilan taqdirlandi.
Maʼlumot uchun, “Barkamol avlod” sport oʻyinlarining respublika final bosqichi doirasida eng soʻnggi musobaqa stol tennisi boʻyicha oʻtkaziladi.
Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati