Bugun bu soha O‘zbekiston xalqi mehnat kuchining taxminan chorak qismini band qiladi va yalpi ichki mahsulotning taxminan o‘n to‘qqiz foizini tashkil etadi. Afsuski, ushbu sohaning asosi hisoblangan tuproq, suv va iqlim tobora chuqurlashayotgan inqiroz girdobida qolmoqda.

Bu inqirozning eng og‘ir belgisi - Orol dengizining fojiasi. Bir paytlar dunyoning to‘rtinchi ulkan ko‘li bo‘lgan bu suv havzasi bugun o‘z maydonining to‘qson foizidan ortig‘ini yo‘qotgan bo‘lib, hozirgi maydoni taxminan atigi 3,500 kvadrat kilometrni tashkil etadi. BMT bu halokatni “XX asrning eng dahshatli ekologik ofatlaridan biri” deb ta’riflagan. Uning oqibatlari 3,5 million kishining hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Atrof hududlarda tuproq sho‘rlanishi va suv taqchilligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini keskin kamayishiga olib kelgan.

Suv muammosi alohida e’tiborga molik. O‘zbekiston suv resurslarining katta qismini qishloq xo‘jaligiga sarflaydi va mustaqillikdan beri sug‘oriladigan yer maydoni ham sezilarli kengaygan. Biroq, bunda suv hajmi emas, balki uning samaradorligi hal qiluvchi masalaga aylangan. Qoraqalpog‘istonda so‘nggi qurg‘oqchilik paytida fermerlar o‘rtacha yillik suv ta’minoti qisqardi, natijada ko‘plab gektar maydondagi hosil nobud bo‘ldi. Bunday sharoitda an’anaviy dehqonchilik usullarining yetarli emasligi tobora ravshan bo‘lmoqda. Aynan mana shu nuqtada yashil biotexnologiya va uni tartibga soluvchi qonunchilik hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin.

McKinsey Global Institute tadqiqotlariga ko‘ra, biotexnologiya kabi biologik innovatsiyalar kelgusi o‘n-yigirma yil ichida yiliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikki-to‘rt trillion dollar miqdorida global iqtisodiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu ta’sirning katta qismi sog‘liqni saqlashdan tashqari, aynan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va resurslarni tejash sohalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston uchun bu zarur imkoniyat. Biroq imkoniyatni qo‘lga kiritmoq uchun, avvalo, huquqiy asos yaratilishi lozim.

Yashil biotexnologiya nima?

“Biotexnologiya” atamasini birinchi marta 1919-yilda venger muhandisi Karl Ereky qo‘llagan. U bu tushunchani “xom ashyodan tirik organizmlar yordamida mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan fan va metodlar” deb ta’riflagan. O‘shandan beri yuz yildan ortiq vaqt o‘tdi. Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasiga ko‘ra, biotexnologiya - biologik tizimlar, tirik organizmlar yoki ularning hosilalaridan ma’lum bir maqsadda mahsulot yoki jarayonlarni yaratish yoki o‘zgartirish uchun foydalanadigan har qanday texnologik qo‘llash sanaladi.

Biotexnologiya bir nechta yo‘nalishga bo‘linadi: tibbiy biotexnologiya (qizil) dori va vaksinalarni rivojlantiradi; sanoat biotexnologiyasi (oq) kimyo va energetikada biologik jarayonlardan foydalanadi; atrof-muhit biotexnologiyasi (kulrang) tuproq va suvni tozalashga qaratilgan. Bularning orasida alohida o‘rin egallaydigani — bu qishloq xo‘jaligi biotexnologiyasi, ya’ni yashil biotexnologiyadir.

Yashil biotexnologiya — o‘simlik va hayvonlarni kasalliklarga chidamlilik, yuqori hosildorlik kabi yaxshilangan xususiyatlar bilan tezroq yetishtirish uchun genetik muhandislik, molekulyar markerlar va to‘qimalar madaniyati kabi biologik usullardan foydalanish hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari yaxshilangan ozuqaviy tarkib va chidamlilikka ega genetik modifikatsiyalangan yoki genomi tahrirlangan navlarni ishlab chiqish, shuningdek, an'anaviy kimyoviy o‘g‘it va pestitsidlar o‘rnini bosish uchun mikroorganizmlar asosida ekologik toza bio-o‘g‘itlar va bio-pestitsidlar yaratishga qaratilgan. Bu yo‘nalishning O‘zbekiston uchun ahamiyati ayniqsa katta. Xususan, qurg‘oqchilikka chidamli, tuzga bardoshli, kam suv sarflaydigan ekin navlarini yaratish zamonaviy biotexnologiyaning bevosita mahsulidir. An’anaviy seleksiyadan farqli o‘laroq, zamonaviy usullar, ayniqsa CRISPR-Cas9 gen tahriri texnologiyasi bir necha yil ichida aniq maqsadga yo‘naltirilgan natijaga erishish imkonini beradi.

O‘zbekistondagi aniq muammolarga aniq biotexnologik yechimlar

Yuqorida sanab o‘tilgan ekologik muammolar birgalikda uchta asosiy chaqiriqni yuzaga keltiradi.

Suv taqchilligi — eng dolzarb muammo. O‘zbekiston suv sarfining iqtisodiy samaradorligiga ko‘ra dunyo bo‘yicha eng past ko‘rsatkichli mamlakatlar qatoriga kiradi. Biotexnologiya suv tanqisligi sharoitida ham yaxshi hosil beradigan navlarni yaratish orqali bu muammoga aniq javob taklif etadi. Kam suvda hosil beradigan bug‘doy, tuzga bardoshli paxta, qurg‘oqchilikka chidamli sabzavotlar kabi texnologiyalar bugun dunyoning ko‘plab laboratoriyalarida sinovdan o‘tmoqda.

Tuproq degradatsiyasi va kimyoviy yuk — ikkinchi muhim muammo. Orol fojiasining bevosita meroslaridan biri keng hududlarda tuproqning sho‘rlanishi va degradatsiyasidir. Bundan tashqari, o‘n yillar davomida ommaviy qo‘llanilgan pestitsidlar atrof-muhitga sezilarli zarar yetkazdi. Kasalliklarga biologik chidamli navlarni yetishtirishda kimyoviy vositalar sarfini sezilarli kamaytirish mumkin. Bu, shuningdek, ekologik va iqtisodiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega.

Oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlik — uchinchi chaqiriq. Orol hududida 40,000–60,000 baliqchi tirikchiligini yo‘qotdi. Qoraqalpog‘iston daromadining katta qismi atrof-muhitga bog‘liq edi. Biotexnologiya orqali hosildorlikni oshirish, mahsulot isrofgarchiligini kamaytirish va importga bog‘liqlikni pasaytirish oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashning muhim yo‘li bo‘lishi mumkin.

Shunday qilib, texnologik imkoniyat mavjud. Ammo bu imkoniyatni ro‘yobga chiqarmoq uchun huquqiy zamin yaratilishi zarur.

Qonunchilik — imkoniyat emas, zaruriyat.

Garchand O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi PF-5853-son farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi, 2020-yil 25-noyabrda PQ-4899-son “Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini ta'minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-yanvardagi 18-son qarori bilan Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom va boshqa qonun osti hujjatlari qabul qilinib, ushbu hujjatlarda biotexnologiya, xususan oziq-ovqat sohasidagi biotexnologiya asosiy ustuvor sohalardan biri sifatida etirof etilgan bo‘lsa-da, biotexnologiya sohasidagi huquqiy baza hali to‘liq shakllanmagan. Mazkur farmon, qaror va strategiyalar sohani to‘liq huquqiy jihatdan tartibga solish uchun yetarli emas. Chunki ular qonun kuchiga ega bo‘lgan maxsus normativ-huquqiy hujjat o‘rnini bosa olmaydi. Biotexnologik mahsulotlarni ro‘yxatga olish, sinovdan o‘tkazish, olib kirish (import) va olib chiqish (eksport), investitsiya qilish, tijoratlashtirish, bozorga chiqarish va nazorat qilishni to‘liq tartibga soluvchi maxsus qonun hanuz qabul qilinmagan.

Bu bo‘shliq uchta jiddiy xavfni yuzaga keltiradi. Birinchidan, tekshirilmagan mahsulotlar bozorga kirib kelishi, ikkinchidan, xorijiy investorlar huquqiy aniqlik bo‘lmagan joyga sarmoya kiritishdan o‘zini tiyishi, uchinchidan, mahalliy olimlar va tadbirkorlarning innovatsiyaga sarmoya kiritishda ikkilanishi kabi masalalarni keltirib chiqaradi. Ilmiy izlanishni rag‘batlantiruvchi qonunchilik tizimi bo‘lmasa, hatto eng zamonaviy texnologiya ham to‘liq samarasini bera olmaydi.

Bu masalada xalqaro huquqiy asoslar ham muhim yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. 1992-yilda qabul qilingan Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya (CBD) genetik resurslar ustidan davlat suverenitetini xalqaro darajada tan oldi va biotexnologiya transferini rag‘batlantirish majburiyatini belgiladi. O‘zbekiston bu konvensiyaga qo‘shilgan bo‘lsa-da, milliy qonunchilikda uning talablari to‘liq aks ettirilmagan. 2000-yilgi Kartagena Bioxavfsizlik Protokoli genetik o‘zgartirilgan organizmlarning transchegaraviy harakatini tartibga soladi va ehtiyotkorlik tamoyilini xalqaro miqyosda birinchi marta qonuniy tarzda mustahkamladi. Uning asosiy talabi “oldindan xabardor qilingan rozilik” mexanizmi, ya’ni har qanday GMO mahsuloti boshqa mamlakatga kirishidan avval tegishli ilmiy baholash va rozilik talab etiladi. 2010-yilgi Nagoya protokoli esa genetik resurslardan adolatli foydalanish tartibini belgilaydi.

Bu qatorga 2024-yil may oyida qabul qilingan WIPO ning GRATK shartnomasi — Intellektual mulk, genetik resurslar va an’anaviy bilimlar to‘g‘risidagi xalqaro kelishuv ham kiradi. Ushbu shartnoma patent tizimida majburiy oshkor qilish talabini belgilaydi. Unga ko‘ra, agar biror ixtiro genetik resurslarga yoki an’anaviy bilimlarga asoslangan bo‘lsa, patent beruvchi tovar kelib chiqqan mamlakatni ko‘rsatishi shart. Bu “bioqaroqchilik”, boshqa mamlakatlarning genetik boyligini noqonuniy tijorat maqsadlarida ishlatishning oldini oluvchi mexanizm bo‘lib, O‘zbekistondagi mahalliy o‘simlik navlari va tuproq mikroorganizmlari ham bu himoyaga muhtojdir. Nihoyat, Jahon Savdo Tashkilotining TRIPS shartnomasi 27.3(b)-moddasi davlatlarni o‘simlik navlarini patent yoki maxsus “sui generis” tizimi orqali himoya qilishga majbur qiladi. Bu O‘zbekiston biotexnologiya sohasida intellektual faoliyatni huquqiy muhofaza qilish tizimini yaratishni taqozo etadi.

Xavflar va tortishuvlar: muvozanatli yondashuv

Yashil biotexnologiyani qo‘llash atrofidagi munozaralar xalqaro ilm-fan doiralarida hali davom etmoqda. Bu tortishuvlarni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi, albatta.

BMTning Rio Deklaratsiyasining 15-tamoyilida belgilangan ehtiyotkorlik tamoyilining mohiyati shundaki, jiddiy yoki qaytarib bo‘lmaydigan zarar xavfi mavjud bo‘lganda, to‘liq ilmiy aniqlik yo‘qligi, xarajat samarali choralarni qo‘llashni kechiktirishga sabab bo‘lmasligi kerak. Bu tamoyil ayniqsa O‘zbekiston uchun muhim sanalib, mahalliy iqlim va tuproq sharoitlari boshqa mintaqalardan keskin farq qiladi, shu sababli boshqa mintaqalarda sinovdan o‘tgan texnologiyalarning O‘zbekiston muhitiga ta’sirini alohida baholash zarur.

Biotexnologik ekinlarning yovvoyi o‘simliklarga irsiy moddalar uzatishi, ya’ni “gen oqimi” mahalliy bio xilma-xillikka ta’sir etishi mumkin. Bundan tashqari, bir xil navlarga haddan tashqari tayanish genetik xilma-xillikni kamaytirib, butun tizimni yangi kasalliklarga zaif qilib qo‘yishi mumkin. Hududning aksar qismini cho‘l tekisligi tashkil qiluvchi O‘zbekistonda allaqachon zaif bo‘lgan ekotizimni yangi texnologiya yanada zaiflashtirib qo‘ymasligi uchun ilmiy asosda tartibga solish muhimdir.

Monopoliya xavfi ham jiddiy molik. Dunyo miqyosida biotexnologiya bozori bir nechta yirik transmilliy korporatsiyalar qo‘lida jamlangan. Agar O‘zbekiston qonunchiligi mahalliy olimlar va kichik kompaniyalarni alohida himoya qilmasa, urug‘ bozori xorijiy monopoliyaga bog‘liq bo‘lib qolishi mumkin. Aynan kuchli va shaffof qonunchilik bu xavflarni jilovlashning eng ishonchli vositasidir.

Xorijiy tajriba: o‘rnak va saboqlar

Xalqaro tajriba bu masalada muhim saboqlar beradi. Hindistonning Bt-paxta tajribasidan kelayotgan saboq esa yanada murakkab. Dastlabki 2002–2008 yillardagi tadqiqotlar hosil yigirma to‘rt foizga oshganini, daromad ellik foizga ko‘tarilganini va pestitsid sarfi taxminan ellik ikki foizga kamayganini ko‘rsatdi. Biroq “Nature Plants” jurnalida 2020-yilda e’lon qilingan yigirma yillik uzoq muddatli tahlil bundan murakkabroq manzarani aks ettiradi. Bt paxta asosiy zararkunandani nazorat qilishda davom etdi, ammo ikkinchi darajali zararkunandalar ko‘paydi va oxir-oqibat umumiy pestitsid sarfi yana oshib ketdi. Bu saboq shuni ko‘rsatadiki, biotexnologiyani joriy etish yetarli emas, balki uni uzluksiz kuzatuv, moslashuvchan tartibga solish va zaxira strategiyalari bilan birga amalga oshirish zarur.

Yevropa Ittifoqi ehtiyotkorlik tamoyilini tanlab, isbot yukini ishlab chiqaruvchilarga yukladi. Har bir yangi mahsulot xavfsiz ekanini ilmiy tasdiq bilan isbotlashi shart.

O‘zbekiston uchun maqbul model bu oqlangan yondashuvlarning kuchli jihatlarini birlashtirgan milliy strategiya, ya’ni innovatsiyaga yo‘l ochadigan, ekologik himoya va fermer mustaqilligini ta’minadigan, xalqaro standartlarga mos qonunchilik yaratish sanaladi.

Tavsiyalar: qanday qadamlar kerak?

Ushbu tahlildan kelib chiqib, ikta asosiy tavsiyani alohida keltirish mumkin.

Birinchi va eng muhim qadam — “Biotexnologiya to‘g‘risida”gi maxsus qonunni qabul qilish. Ushbu qonun biotexnologik mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, bioxavfsizlik baholashi, fermer huquqlari, intellektual mulk himoyasi va ekologik nazorat tartiblarini yagona hujjatda belgilashi kerak. Qonun to‘rt fundamental tamoyilga asoslanishi lozim: xavfsizlik va ilmiy asoslilik — har bir mahsulot mustaqil ekspertiza orqali tekshirilishi; shaffoflik — iste’molchilar va fermerlar nima iste’mol qilayotganini bilish huquqiga ega bo‘lishi; intellektual mulk huquqini himoya qilish — mahalliy olimlar va tadbirkorlarning kashfiyotlari qoplanishi; xalqaro standartlar bilan uyg‘unlik — CBD, Kartagena protokoli, GRATK va TRIPS talablariga moslashtirilishi lozim.

Ikkinchi qadam — xalqaro hujjatlarga qo‘shilish va ularni milliy qonunchilikka singdirish. O‘zbekiston GRATK shartnomasini ratifikatsiya qilishi strategik ahamiyatga ega. Bu mamlakatdagi mahalliy o‘simlik navlari va genetik resurslarni bioqaroqchilikdan himoya qiluvchi muhim mexanizm. Bundan tashqari, Kartagena protokolining “Oldindan xabardor qilingan rozilik” mexanizmini milliy qonunchilikka joriy etish va TRIPS talablariga binoan seleksiya natijalarini himoya qiluvchi “sui generis” tizimini yaratish lozim.

Xulosa: bugungi tanlov, kelajak poydevori

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi murakkab bir kesishma nuqtasida turibdi. Bir tomondan, Orol fojiasining og‘ir merosi: tuproq degradatsiyasi, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi bosimi. Markaziy Osiyo ilm-fan tomonidan dunyo bo‘yicha suv inqirozi eng kuchli hududlardan biri sifatida e’tirof etilgan. Ikkinchi tomondan, fan, texnologiya va xalqaro hamkorlik taqdim etayotgan imkoniyatlar.

Yashil biotexnologiya bu ikki tomonni ko‘prik singari bog‘lashga qodir. Ammo bu ko‘prik faqat ilmiy emas, shu bilan birga huquqiy asosga ham muhtoj. McKinsey bashorat qilgan trillion dollarlik “bio inqilob” faqat ilmiy laboratoriyalarda emas,  avvalo, qonunchilik xonalarida boshlanadi. Zero, investorlar, olimlar va fermerlar huquqiy aniqlik bo‘lmagan muhitda ishlay olmaydi.

Hindiston tajribasi buni aniq ko‘rsatdiki, qonuniy nazorat va uzoq muddatli kuzatuvsiz dastlabki yutuqlar barqaror bo‘lmaydi.

“Biotexnologiya to‘g‘risida”gi qonun — bu faqat taqiqlar majmuyi emas. Bu investorlar uchun huquqiy aniqlik, fermerlar uchun himoya, olimlar uchun ilmiy erkinlik va davlat uchun mas’uliyat. Fan, qonun va tabiat uchburchagi — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining barqaror kelajagi ana shu uchburchakka asoslanishi lozim. Bu qonunning amalga oshirilishi ertaga emas, bugun zarur.

Sardor Mamanazarov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi shu'basi (kafedrasi) mudiri, 
PhD, dotsent.