Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun gender masalalariga bogʻliq mintaqaviy yondashuv ishlab chiqilmoqda

    Xalqaro hamkorlik 28 Oktabr 2021 1030

    2021-yil 28-oktyabrda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasida “Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va ayollar yetakchiligi” mavzusida mintaqaviy konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Tadbir BMT Taraqqiyot dasturi, “BMT-Ayollar” tashkiloti va BMT Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi tomonidan tashkil etildi.

    Konferensiya Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish, gender tengligi va ayollar yetakchiligi boʻyicha Mintaqaviy harakatlar rejasini ishlab chiqish, shuningdek, yosh ayol deputatlarning yetakchilik fazilatlarini oshirish va Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) ilgari surishda ularning ishtirokini oshirish maqsadida oʻtkazildi.

    Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Narbayeva va Muloqotning boshqa aʼzolari, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH davlatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori Miryana Spolyarich Egger, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German, “BMT-Ayollar” tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Alia El-Yassir, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Yu Yu, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ishtirok etdilar.

    Konferensiyada shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi yuqori martabali vakillari, Xalqaro qizil xoch qoʻmitasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillari hamda xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi ayol elchilari ham qatnashdi.

    Alohida sessiyalar tarzida oʻtgan tadbir Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirilish jarayoniga bagʻishlandi. Ishtirokchilar 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibi doirasida gender masalalari boʻyicha BRMga erishishga mintaqaviy yondashuvni ishlab chiqish istiqbollarini koʻrib chiqdilar.

    Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari oʻrtasida gender tenglikni taʼminlash, ayniqsa qonun chiqaruvchi organlarda tajriba almashish, shuningdek, BRMni ilgari surish va normativ, parlament nazorati va gender tengligi sohasidagi ilgʻor tajribani oʻrganish boʻyicha jamoaviy saʼy-harakatlarni amalga oshirishdagi hamkorlikning ahamiyati qayd etildi.

    T.Narbayeva Oʻzbekistonda BRMning amalga oshirilishi Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlar bilan chambarchas bogʻliq ekanini taʼkidladi. BRM Oʻzbekistonni 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasiga integratsiya qilinyapti.

    — Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari faol ishtirokisiz, mintaqa ayollari oʻrtasidagi har tomonlama amaliy hamkorlik va hamjihatlikni rivojlantirish va mustahkamlash borasidagi ishlarimiz kutilgan natijani bermaydi, — dedi T.Narbayeva.

    M.S. Egger ayollarni jamiyat va iqtisodiyotning barcha jabhalariga toʻliq qamrab olmasdan turib, BRMga erishish imkonsiz ekanligini inobatga olgan holda umumiy saʼy-harakatlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

    — BMTTD siyosat, boshqaruv va iqtisodda ayollar yetakchiligini ragʻbatlantirishga koʻproq eʼtibor qaratishda davom etadi. Gender tengsizligining barcha shakllarini bartaraf etish va ayollarning huquqlarini kengaytirish orqali biz tinchlik oʻrnatishimiz, jamiyatlarimiz barqarorligini taʼminlashimiz va BRM sari taraqqiyotni faollashtirishimiz mumkin, — dedi M.S. Egger.

    M.Dimovskaning taʼkidlashicha, butun dunyo, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari ham barcha sohalarda – iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishdan tortib, iqtisodiyot va jamiyatlar tiklanishigacha – eng katta muammolarini hal etishda ayollar yetakchiligi va mahoratiga, isteʼdodlariga, innovatsiyalariga muhtojdir va shu bilan BRMga erishadi.

    Shu bilan birga, konferensiya ishtirokchilari Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida transformatsion oʻzgarishlarni ragʻbatlantirish, shuningdek, ayollar yetakchiligi orqali gender tengligini taʼminlash maqsadida Markaziy Osiyodagi istiqbolli yetakchi ayollarni qoʻllab-quvvatlash masalasini muhokama qildilar.

    Kunning ikkinchi yarmida “BMT-Ayollar” tashkiloti ekspertlari 40 yoshgacha boʻlgan Markaziy Osiyodagi ayol parlamentariylar uchun samarali muloqot boʻyicha treninglar oʻtkazdilar. Ushbu sessiyalar turli aloqa kanallari orqali gender tengligini samarali targʻib qilish, muloqot strategiyalarini ishlab chiqish boʻyicha koʻnikmalarni oshirishga qaratilgan edi.

    Muhokamalar chogʻida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha strategiya va chora-tadbirlar ham muhokama qilindi, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha umumiy mintaqaviy maqsadlarga erishish yuzasidan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari va sheriklar belgilab olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Tadbir yakunlari boʻyicha kelib tushgan taklif va tavsiyalar asosida Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish, gender tenglik va ayollar yetakchiligi boʻyicha Mintaqaviy harakatlar rejasi ishlab chiqiladi.