Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi negizida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilindi.
Institut yuridik shaxs hisoblangan davlat ilmiy tashkiloti boʻlib, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy- innovatsion markazi hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash miqdorlari va shartlari tatbiq etiladi.
Institut direktori va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Institut tuzilmasida Mirzo Ulugbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti hamda Institutning “Intellektual dasturiy tizimlar” qoʻshma laboratoriyasi tashkil etiladi.
Qoʻshma laboratoriya Institutning tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi va Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
Institutga respublikadagi ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalarining raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasida amalga oshirayotgan ilmiy va oʻquv faoliyatiga, jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʻona filiali huzurida tashkil etilayotgan Raqamli texnologiyalar ilmiy-innovatsion markaziga yaqindan koʻmaklashish hamda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha qoʻshimcha vazifa yuklatiladi.
Institut Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani Boʻz-2 mavzesi 17-a uy manzilida operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtiriladi.