Uyda toʻshab oʻtirgan gilamlarimizgacha sotib, dori-darmonga ishlatganmiz. Yaqin-yaqingacha ham tushkunlik holatida edim. Farzandimning sogʻligi yomon ekani, roʻzgʻordagi yetishmovchilik... Bularning bari hayotga boʻlgan umidimni soʻndirgan edi.
Hayot sinovlarga toʻla. Mana shu toʻsiqlarni yengib oʻtishda insonga matonat, sabr tuygʻulari bilan bir qatorda yana bir narsa zarur ekan. Bu — ona yurting senga beradigan dalda, shijoat. Hayriyatki, davlatimiz yaratayotgan imkoniyatlar sabab baxtdan masrur yashayotgan oʻzbek ayoliman.
Men Sharof Rashidov tumani Kangli mahallasida yashayman. Uch nafar farzandim bor. Kichik oʻgʻlim oʻn yoshga toʻldi, ammo yurolmaydi. Shu bois ham uydan chiqib, biror joyda ishlolmasdim. Ammo roʻzgʻor oʻz nomi bilan gʻor ekan. Uni toʻldirish qiyin.
Turmush oʻrtogʻim mavsumiy ishlarda ishlaydi. Mana 13 yildirki, ijara uyda yashaymiz. Imkoniyati cheklangan farzandimni davolatish uchun qoʻlimizdan kelgan barcha ishni qildik. Uyda toʻshab oʻtirgan gilamlarimizgacha sotib, dori-darmonga ishlatganmiz. Yaqin-yaqingacha ham tushkunlik holatida edim. Farzandimning sogʻligi yomon ekani, roʻzgʻordagi yetishmovchilik... Bularning bari hayotga boʻlgan umidimni soʻndirgan edi.
Yaratganga ming shukr, qoʻlimda hunarim bor: pishiriqlar pishirib sotish, tikuvchilikni bemalol uddalay olaman. Mahalladagilarga somsa, turli shirinliklar pishirib, koʻrpa-yostiqlar tikib sotib? kun koʻrar edim. Ammo katta pechingiz boʻlmasa, buyurtma olib ishlash juda qiyin ekan. Olti yil avval kredit olib, tadbirkorlik faoliyatimni boshlamoqchi boʻldim. Qay eshikka bormay, ishim ijobiy hal boʻlmadi. Toʻgʻrisi, yugur-yugurlardan, “otangga bor, onangga bor” qabilidagi gaplardan charchab, maqsadimni amalga oshirish uchun umuman harakat qilmay qoʻydim. Onda-sonda pishiriqlarga buyurtma boʻlsa, tayyorlab berardim. Ammo uning daromadi harajatlarimizni qoplolmasdi.
Avvallari televizordan biror tadbirkorni qoʻllab-quvvatlab, uni oyoqqa turishi uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida koʻrsatuvlar efirga uzatilsa, umuman ishonmas edim. Toʻgʻrisi, uyushtirilgan deb oʻylardim. Ammo oʻzim misolimda amin boʻldimki, barchasi haqiqat ekan.
Mahallamizda kam taʼminlangan oilalar roʻyxatida turaman. “Temir daftar”ga kiritilganman. Shu daftarga kiritilganlarga berilayotgan imkoniyatlar haqida eshitib tadbirkorlikni boshlash orzuim yana alangalandi.
Shu masala, qolaversa, hayot tashvishlari bilan andarmon boʻlib yurgan kunlarimning birida uyimizga mahalla faollari va bank hodimlari kelib, oilaviy sharoitim bilan tanishishdi. Holatdan kelib chiqib, menga kredit taklif qilishdi. Barchasi tushda sodir boʻlayotgandek edi, desam boʻrttiryapti, deb oʻylamang. Eshigida sarson boʻlib yurganim — bank xodimlari uyimga kelib, oʻzlari qarz beraylik, deyishi tushimga ham kirmasdi aslida. Qancha harakatlarim, vaqtim zoye ketgan, faoliyat boshlab olishimga imkon boʻlmagandi.
Kredit olib, faoliyatimni boshladim. Hozir qolipli non va tort pishirib sotaman. Roʻzgʻorim but. Bolalarim ixtisoslashgan maktablarda oʻqishadi. Oʻqituvchilari farzandlarimning tarbiyasi va bilimi uchun koʻp bor raxmatlar aytishgan. Qanchalik qiynalmaylik, bolalarimga yaxshi tarbiya bera olganimiz uchun xursand boʻlaman.
Yana bir quvonchimni siz bilan boʻlishay. Yaqinda bizga imtiyozli uylardan berishdi. Bilasizmi, bugun mendan-da baxtli inson boʻlmasa kerak. Endi mening bolalarim ham oʻz boshpanasida, emin-erkin yashashadi. Qalbimiz xotirjam. Ertangi kundan xavotirim butunlay soʻngan. Ishlarim yaxshi, daromadim ham zoʻr. Qisqa vaqt ichida faoliyatimni shunchalik tekis yoʻlga qoʻyib olishimga koʻzim yetmagandi. Qoʻlingizda hunaringiz boʻlsa, mehnatdan qochmasangiz, hamma narsaga erishar ekansiz. Menga mana shunday baxtni, quvonchni bergani uchun, Prezidentimizga, masʼul xodimlarga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.
Bugun bir haqiqatni angladim: barcha tashvishlar, kamchiliklar bir kun kelib unut boʻlarkan. Asl baxt bu — inson ezozlanadigan, qadr topadigan yurtda yashayotganimiz. Nolishga, ishsizman deb yozgʻirishga sira ham haqqimiz yoʻq. Qay sohada boʻlmasin, ishlab, daromad orttirishimiz uchun imkoniyatlar yetarli. Chekka mamlakatlarda qanchadan-qancha insonlar ochlikdan azob chekayotgani, bir kunini boʻlsa-da tinch, osuda oʻtkazishni orzu qilayotgani biz uchun saboq boʻlishi kerak. Zero, yurtda tinchlik boʻlmas ekan, har qanday toʻkislik yoʻqlik bilan barobardir.
Shahlo Soliyevaning dil soʻzlarini
Feruza JOʻRAYEVA yozib oldi.