Bayden Eronning yadroviy inshootlariga hujum qilishni muhokama qilgan – OAV

    Oq uy agar Eron uranni 90 foizga boyitsa, AQSh qanday javob berishi kerakligi haqidagi ssenariyni ko'rib chiqqan.

    AQSh prezidenti Jo Bayden, agar Tehron bomba yaratishga yaqinlashsa, Eronning yadroviy inshootlariga zarba berishni ko'rib chiqdi. Bu haqda Axios 2-yanvar, payshanba kuni uchta xabardor manbaga tayanib xabar berdi.

    “Oq uyning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan prezident Baydenga, agar eronliklar 20 yanvargacha (Tramp inauguratsiyasi kuni) yadroviy qurol yaratish yo'lida qadam tashlasa, AQShning Eron yadroviy obyektlariga ehtimoliy hujumi variantlarini taqdim etdi”, deyiladi nashr xabarida.

    Qayd etilishicha, bu bir necha hafta oldin sodir bo'lgan, biroq hozircha uchrashuv sirligicha qolib kelgan. AQShning Eron yadroviy dasturiga zarba berish Amerika prezidentining avantyurasi bo'lishi mumkin edi va u Eronga yadro quroli ishlab chiqishga imkon bermaslikka va'da bergandi, ammo u shuningdek o'z vorisiga yangi mojaro xavfini qoldirib ketishi mumkin.

    Bayden va uning milliy xavfsizlik bo'yicha guruhi turli xil variantlar va ssenariylarni muhokama qilishgan, biroq prezident birorta ham yakuniy qaror qabul qilmagan.

    Ushbu masaladan xabardor bo'lgan AQSh rasmiysining aytishicha, Oq uydagi uchrashuv yangi razvedka ma'lumotlari bilan bog'liq emas va Baydenning aniq qarori bilan yakunlanishi ko'zda tutilmagan. U Eron 20 yanvargacha uranni 90 foizgacha boyitish kabi choralarni ko'rsa, AQSh qanday javob berishi kerakligi haqidagi ssenariy muhokamasining bir qismi edi.

    Yana bir manbaning xabar berishicha, hozirda Oq uyda Eron yadroviy inshootlariga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlar haqida faol muhokamalar olib borilmayapti.

    Ammo Baydenning ba'zi asosiy yordamchilari ikki tendensiya – Eron yadro dasturining tezlashishi va Eron hamda uni qo'llab-quvvatlovchilarning Isroil bilan urushda zaiflashishi – Baydenni zarba berishga undashi mumkinligini ta'kidlamoqda.

    Dekabr oyida MAGATE Eronda 60 foizgacha boyitilgan uran yetarli darajada ekanini, bu to'rtta yadro kallaklari uchun yetarli bo'lishini ma'lum qilgan edi, deb xabar beradi korrespondent.net.