Davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinganiga 32 yil toʻldi. Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon- sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini oʻzida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorugʻ kelajagimizga boʻlgan ishonchimiz ifodasidir.
Oʻzbekiston suverenitetini belgilaydigan ramzlar orasida Davlat bayrogʻi alohida oʻrin tutadi. Zero, bayroq xalqning oʻtmishi va buguni, mustaqilligi, tinchligi va barqarorligining timsolidir. U yer yuzining sarhadlarida mustaqil Oʻzbekiston davlati borligini anglatadi va oʻzida milliy-madaniy anʼanalarimizni mujassamlashtiradi. Oʻzida juda katta maʼno-mazmunni aks ettirgan, yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, butun Oʻzbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni, ajdodlar yodi hamda millat gʻururini oʻzida mujassam etgan bayrogʻimiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovordir.
Qadimdan yurtimiz davlatchiligida bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, gʻalaba timsoli boʻlgan. Sohibqiron Amir Temur saltanatida davlat tugʻi adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi hisoblangan. Haqiqatdan ham, hayotimizda ramz va timsollarning oʻrni katta. Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharaf sanalgan. Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrogʻini yov qoʻliga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qoʻlida mahkam tutgancha jon bergan edi. Dushman harchand urinmasin, uning qoʻlidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib oladi. Tugʻini jonidan ortiq asragan Toʻmaris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi oʻnlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat. Aslida Vatan bayrogʻini koʻzga surtish, uni toʻtiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor boʻlish deganidir.
Bugun milliy bayrogʻimiz nafaqat davlat idora va muassasalari, oʻquv yurtlari, balki Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz aʼzolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrogʻimiz Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirmoqda. Birgina misol, xalqaro sport bellashuvlarida gʻalaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrogʻi baland koʻtarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajon bilan faxr va iftixor hissini tuyamiz hamda gʻururlanamiz.
Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati hamma narsadan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz va yosh avlodga yetkazishimiz shart.
Bayrogʻimizning balandligi yurtimizning obroʻ-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, faxrimiz va gʻururimiz timsolini hamisha eʼzozlaylik va boshimiz uzra baland koʻtaraylik, bayrogʻimiz mangu hilpirayversin!
Gulshan Asatova,
Oʻzbekiston XDP markaziy kengashi “Ayollar qanoti” rahbari