Yassi vodiylarni suv bilan toʻyintiruvchi, yuz minglab gektar yerga hayot bagʻishlovchi bu inshoot inson aqli va tabiat qudratining uygʻunligi asosida bugun toshqinlarning oldini olishda, vohaning suv va elektrga talabini, shuningdek, aholining ichimlik suvga ehtiyojini qondirishda eng muhim manbadir. Tabiat injiqlik qilgan paytlar — yomgʻir kam, suv sathlari tushib ketgan chogʻlarda ham Toʻpalang suv ombori vohani obihayot bilan taʼminlab turadi. Uning yonida qad rostlagan gidroelektr stansiyalar esa tunu kun ishlab, elektr nuri tarqatadi. Suv omborining qiyaliklarga tayanib choʻzilgan sathi, kuchli oqimni jilovlagan devorlar, koʻz ilgʻamas kengligi oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan.
Mamlakatimizda energetika tarmogʻini jadal rivojlantirish, barqaror va uzluksiz elektr energiyasi ishlab chiqarish, bu borada qayta tiklanuvchi energiya manbalariga alohida eʼtibor qaratish, xususan, gidroenergetika sohasida yangi GESlarni ishga tushirish, mavjudlarini izchil modernizatsiyalash borasida “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan koʻlamdor ishlar qilinmoqda.
Shu yilning 11-12-iyul kunlari mahalliy va xorijiy OAV vakillari uchun Toʻpalang GESi hamda “Zarchob-1”, “Zarchob-2”, “Zarchob-3” kichik GESlariga press-tur tashkil etildi.
Surxondaryo viloyatidagi asosiy gidroenergetik salohiyat Toʻpalang daryosi hisobiga toʻgʻri keladi. Daryo suvidan unumli foydalanish maqsadida 1983-yilda Toʻpalang suv ombori bunyod etilgan. U Sariosiyo togʻlaridan oqib tushgan suvni bir joyga toʻplash natijasida vujudga kelgan. Oʻziga xos tabiati va baland togʻlar qurshovidagi katta gidroinshoot bu yerda yashovchi aholi uchun eng zarur manbadir. Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon tumanlaridagi ekinzorlar mazkur suv ombori orqali sugʻorilsa, uning quyi qismidagi GESlar quvvati viloyatning janubiy hududlarini elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.
— Loyiha boʻyicha suv omboriga 500 million metr kub suv yigʻish quvvatiga ega, hozir 430 million metr kub suv toʻplandi, — deydi Toʻpalang GES direktori oʻrinbosari, suv ombori boshligʻi Saidvaqqos Hamroyev. — Suv omborining yuqori qismida ikkita katta va oʻn toʻqqizta miniGES qurilishi rejalashtirilgan. Suvdan toʻgʻri foydalanish natijasida bir tonna suvdan 1000 kilovatt elektr energiyasi olib, bir necha marta foydalanish maqsadida “Zarchob-1”, “Zarchob-2”, “Zarchob-3” GESlari ishga tushirildi. Kelajakda aholining madaniy hordiq chiqarishi, hududning turizm salohiyatini oshirish borasida yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Viloyatda 2006-yilda ilk gidrotexnik inshoot — 30 megavatt quvvatga ega “Toʻpalang” GESi ishga tushirilgan edi. Ushbu GES 2021-yilga qadar vohada yagona edi. 2017-yildan eʼtiboran yurtimiz boʻylab mavjud suv resurslaridan oqilona va samarali foydalangan holda yangi GESlar qurish va eskilarini modernizatsiyalash borasida keng koʻlamli amaliy ishlar boshlandi. Xususan, Surxondaryo viloyatida olib borilgan qidiruv-loyiha ishlari doirasida qator yangi GESlar qurilishi amalga oshirildi.
— Toʻpalang suv omborida GES qurish loyihasi 1998-yilda tasdiqlanib, qurilish boshlangan, — deydi “Toʻpalang” GESlar kaskadi direktori Asrorjon Ulugʻov. — Sakkiz yil davom etgan qurilish natijasida 2006-yilda 30 megavattlik agregat ishga tushirildi. 2019-yilda Prezidentimiz “Toʻpalang” GESiga kelib, imkoniyatlarimizni koʻrib, shu bino ichida yana ikki agregat qurilishiga ruxsat berdi. 2023-yil 13-mart kuni “Toʻpalang” GESda oʻtkazilgan modernizatsiya ishlari natijasida uning 30 megavattlik quvvati 145 megavattga oshirilib, yangilangan 175 megavatt quvvatdagi yirik GES ishga tushirildi. Bugungi kunda GESlar tarmogʻida 220 xodim ishlaydi, elektr ishlab chiqarishga qoʻshayotgan ulushimiz, salohiyatimiz borasida viloyatdagi yirik tashkilotga aylandik. Ishchilar malakasi, qurilishdagi mahalliy mutaxassislar faolligini birgina “Zarchob-3” GESi qurilishi va montaj ishlarining toʻliq oʻz xodimlarimiz tomonidan amalga oshirilganida ham koʻrish mumkin.
“Toʻpalang” GESi yiliga oʻrtacha 467 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. “Toʻpalang” GESi loyihasi doirasida boshqaruv toʻliq avtomatlashtirilib, sohada inson omilisiz ishlaydigan “aqlli” tizim yaratilgan.
2021-yil 3-aprel kuni umumiy quvvati 37,4 megavatt boʻlgan “Zarchob-1”, shu yili 20-noyabr kuni umumiy quvvati 38,2 megavattlik “Zarchob-2”, 2024-yil 30-avgust kuni esa umumiy quvvati 3 megavatt boʻlgan “Zarchob-1a” kichik GESi ishga tushirildi. Ushbu GES oʻrtacha 13,3 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Hisob-kitoblarga koʻra, “Zarchob-1a” kichik GESi tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya 5500 ta xonadonni taʼminlaydi. 2025-yil 24-yanvar kuni umumiy quvvati 3 megavatt boʻlgan “Zarchob-2a” kichik GESi ham ishga tushirildi.
“Zarchob-3” GESi qurilishiga Prezidentimizning 2023-yil 17-noyabrda Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida start berilgan edi. U qisqa davrda, 2024-2025-yillarda — qariyb 1,5-yil davomida qurib bitkazildi. Mazkur GES Toʻpalang daryosi boʻyida qad rostlagan yirik loyihaning mantiqiy davomi boʻlib, nafaqat Sariosiyo tumani, balki butun Surxondaryo viloyati aholisi uchun qoʻshimcha quvvat manbaini yetkazib beradi. Hozirgi kunda “Zarchob-3” kichik GESi sinov-test rejimida elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.
Ushbu loyiha mamlakatimiz yangi tarixida oʻziga xos ahamiyatga ega boʻlib, bir daryo oʻzanidan “zanjir ketma-ketligi” asosida qayta-qayta elektr energiyasi olishni taʼminlaydi. Endilikda Toʻpalang daryosidan kaskad koʻrinishidagi GESlar orqali 5-6 marotaba elektr energiyasi olinmoqda.
Loyihaning foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga oʻrtacha 70 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa 23 ming 200 ta xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, yillik 19 million metr kub gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.
Agar 2017-yilgacha Surxondaryo viloyatida gidroenergetik quvvatlar 30 megavatt boʻlgan boʻlsa, soʻnggi 8-yilda 9 barobar oshib, 2025-yilga kelib 273 megavattga yetkazildi. Hozirgi kunda Surxondaryo viloyatida turli hajmdagi 16 ta GES (xususan, kinetik turbinali 8 ta GES) elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.
Bugungi kunda viloyatdagi GESlar tomonidan yiliga qariyb 700 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilyapti. Bu orqali 200 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. 290 ming xonadon elektr energiyasi bilan taʼminlanadi.
2033-yilga qadar viloyatda 22 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Xususan, 2025—2033-yillar mobaynida “Kishtut” GES-1, “Kishtut” GES-2, “Kishtut” GES-3, “Oʻng qirgʻoq” GESlar kaskadi, “Kishtut” GES-4, “Kishtut” GES-5, “Kishtut” GES-6 hamda 14 ta GESdan iborat “Yuqori Toʻpalang” GESlar kaskadi quriladi. Hozir shu kabi istiqbolli loyihalar uchun Mizot—Kishtut avtoyoʻli qurilishi doirasida qariyb 32 kilometrga teng yoʻl barpo etilmoqda.
Yuqoridagi barcha loyihalar ishga tushirilgach, 2033-yilda Surxondaryo viloyatining gidroenergetik quvvati hajmi 668 megavattga yetkazilib, yiliga 2,24 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Gidroenergetika sohasining izchil taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisining turmush farovonligi oshishiga, ishlab chiqarish subyektlarining elektr quvvatlari bilan taʼminlanishiga, tumanlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, xalqimiz farovonligiga mustahkam zamin yaratadi.
Rashid XOʻJAMOV,
ʻYangi Oʻzbekistonʻ muxbiri
Hamkorlik materiali











