“Agro in vitro”dagi hayot: Ilm va tabiat uygʻunligida barpo etilayotgan yangi bogʻlar

    Agrosektor 23 Iyul 2025 865

    Inson va tabiat oʻrtasidagi bogʻliqlik butun hayotning, iqtisodiyotning mustahkam tayanchi sanaladi. Qishloq xoʻjaligi esa ana shu munosabatning eng qadimiy va eng hayotiy koʻrinishidir. Insonning yerga ekin ekish, bogʻ barpo etish, uning mevasidan foydalanish ehtiyoji hech qachon tugamaydi.

    Bugungi kunda iqlim oʻzgarishlari tufayli ob-havo sharoiti kutilmagan holda keskin oʻzgarib, baʼzan bahorda kunning isib ketishi yoki xirmon koʻtarilib, hosil terib olinadigan paytda toʻsatdan kunlarning sovib ketishi, hattoki qor yogʻishi oddiy holga aylanib qoldi. Bunday tabiiy hodisalar kunu tun mehnat qilib, yerdan daromad topishni kutayotgan dehqonlar uchun ogʻir sinov hisoblanadi. Masalan, bir bogʻbon yillab mehnat qilib, mevali daraxt parvarishlaydi. Nihoyat, hosil olaman, daromad koʻraman degan vaqtda, sovuq urib, butun mehnati zoye ketadi. Yoki soʻnggi yillarda yanada kuchayib borayotgan suv tanqisligi tufayli butun hosili suvsizlikdan qurib bitadi.

    Endi yerga urugʻ qadab, biroz suv berib, osmondan yomgʻir kutgan holda hosil olish orzudek eshitiladi. Bu, goʻyoki, igna bilan quduq qazish kabi mashaqqatli ishga aylandi. Bunday vaziyatda qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirishning yagona yoʻli — sohani ilmiy yondashuv asosida isloh qilishdir. Zamonaviy texnologiyalar, fan va innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish orqaligina barqarorlikka erishish mumkin. Jumladan, qurgʻoqchilikka va sovuqqa, kasalliklarga chidamli, koʻp hosil beradigan navlarni yetishtirish zamon talabi.

    Yangi bosqichdagi milliy agrar yondashuv

    Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi” qabul qilingan. Ushbu hujjatda 9 ta ustuvor yoʻnalish va islohotlarning qisqa hamda uzoq muddatli yoʻnalishlari belgilangan. Ayni paytda mazkur strategiya asosida agrar sohada keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, chorvachilik va issiqxona xoʻjaliklarini, paxta-toʻqimachilik klasterlarini qoʻllab-quvvatlash, uzumchilik va vinochilik sohalarini barqaror rivojlantirish, xomashyo bazasini kengaytirish, eksport hajmini oshirish, agrar sektorni zamonaviy, resurs tejamkor texnika va texnologiyalar bilan taʼminlash borasida yangi mexanizmlar joriy etilyapti. Bu kabi choralar oʻz mevasini ham bermoqda. Birgina 2024-yil yakunlari boʻyicha qishloq xoʻjaligida umumiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 467 trillion soʻmni tashkil etdi. Buning katta qismi dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlariga toʻgʻri keladi. Bu sohadagi oʻsish nafaqat ichki ehtiyojlarni qondirish, balki eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qilishi tabiiy hol.

    2024-yildan faoliyati yoʻlga qoʻyilgan Gʻallaorol tumanidagi “Agro In Vitro” majmuasi yurtimizda qishloq xoʻjaligi tarmogʻida amalga oshirilayotgan muhim loyihalardandir. 20,4 gektar maydonda tashkil etilgan ushbu markaz tarkibida “in vitro” laboratoriyasi, yuqori texnologiyali issiqxonalar, koʻchatzor va onalik bogʻi mavjud. Majmua nafaqat ilmiy va amaliy yechimlarning, balki mamlakat agrosanoati istiqbolining ham belgisi sanaladi.

    “Agro In Vitro” loyihasi doirasida 72 nafar mahalliy mutaxassis ish bilan taʼminlangan boʻlib, ular orasida PhD ilmiy darajasiga ega olim, biotexnolog-agronomlar, magistr va laborantlar bor. Bunday mutaxassislar jamoasi nafaqat yuqori texnologiyalar bilan ishlash, balki uni doimiy ravishda takomillashtirish imkoniyatiga ega.

    Har bir koʻchat faqat tuproqqa qadab qoʻyilgan bir poya emas, u ortidagi ilm, mehnat, sabr va tajribaning samarasi. Shu jihatdan qaralganda, “Agro In Vitro” loyihasi oʻziga xos bilim va innovatsiya fabrikasi sifatida faoliyat yuritmoqda.

    Loyiha doirasida 2026-yilda 2 million, 2027-yilda 5 million, 2030-yilga borib 10 million dona koʻchat yetishtirish koʻzda tutilgan. Bu bilan respublikamizdagi umumiy koʻchat talabining kamida 5 foizi qoplanadi. Eng muhimi, “in vitro” usulida yetishtirilgan koʻchatlar: virus va kasalliklardan xoli, genetik jihatdan bir xil, yil davomida ekish imkoniyatiga ega va eng asosiysi hosildorligi 40 foiz yuqori boʻladi. Bu esa fermer uchun samara, isteʼmolchi uchun sifat, mamlakat uchun esa barqaror iqtisodiy oʻsish demakdir.

    — Bugungi kunda yurtimizdagi intensiz bogʻlar maydoni 70 ming gektarni tashkil etadi. 2030-yilgacha bu koʻrsatkichni 110 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu har yili kamida 7–8 ming gektarga yangidan bogʻlar barpo etilishini anglatadi. Tabiiyki, shuncha miqdorda yangi mevali koʻchatlarga ehtiyoj ham paydo boʻladi, — deydi “Agro In Vitro” MCHJ direktori oʻrinbosari Akmal Abroʻyev. — Bundan tashqari, har yili 7–8 million dona payvandlangan va urugʻsiz uzum koʻchatlari yetishtirilishi ham talab etilyapti. Bu jarayon bir qarashda oddiy koʻrinsa-da, aslida muhim ahamiyatga ega. Birinchidan, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi. Ikkinchidan, har bir yurtdoshimizning dasturxonida mahalliy va serhosil mevalar boʻlishini kafolatlaydi. Eng muhimi, fermerlar uchun bu koʻproq hosil, koʻproq daromad, barqaror hayot manbasidir.

    Xalqaro tajriba — milliy yutuqlar zamini

    Loyiha doirasida dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan mustahkam hamkorlik oʻrnatilgan. Jumladan: VISCON GROUP (Niderlandiya) tomonidan MDH hududida yagona boʻlgan “in vitro” laboratoriya tashkil etilgan. Yana ushbu mamlakatning Gakon Netafim kompaniyasi dunyoda beshinchi oʻrinda turuvchi issiqxonani majmuada qurgan. Shuningdek, Italiya, Ispaniya va AQSH kompaniyalari bilan uzoq muddatli sheriklik yoʻlga qoʻyilgan.

    Bu kabi xalqaro aloqalar mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, bilim va texnologiyalarni lokallashtirishda muhim omil boʻlmoqda.

    Innovatsion laboratoriya — ilmiy samara va ishonch manbai

    Loyiha doirasida quyidagi navlar ustuvor ravishda yetishtirilmoqda: 35 xil danakli, 25 xil urugʻli, 30 xil manzarali, 11 xil uzum, 30 xil payvandtag, 18 xil rezavor mevalar. Ularning orasida ertapishar, kechpishar, oʻzini-oʻzi changlatuvchi, suvsizlikka chidamli va yuqori hosildor navlar ham bor. Bu esa turfa iqlim sharoitida ham samarali bogʻdorchilikni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.

    Loyihaning oʻzak nuqtasi laboratoriyadir. U zamonaviy agrobiotexnologiyaning yuragi boʻlib, nafaqat yuqori sifatli koʻchatlar yetishtirish, balki ular orqali qishloq xoʻjaligini yangicha bosqichga olib chiqish vazifasini bajaradi. Ushbu laboratoriya nafaqat texnik va strategik nuqtayi nazardan ham bir necha afzalliklarga ega.

    Avvalo, laboratoriya kompleks ishlab chiqarish zanjirining toʻliq bosqichini oʻz ichiga oladi. Yaʼni urugʻ materiallarini tanlab olishdan tortib, ularni laboratoriyada koʻpaytirish, ildizlantirish, issiqxonada parvarishlash va tayyor koʻchat sifatida chiqarishgacha boʻlgan barcha bosqichlar bir joyda jamlangan. Bu, oʻz navbatida, sifatni kafolatlash, tezkorlik va nazoratni taʼminlash imkonini beradi.

    Shuningdek, laboratoriya Oʻzbekistonda xandon pista, kivi va manzarali daraxt koʻchatlarini shu usulda koʻpaytiruvchi yagona markaz sanaladi. Bu uning eksklyuziv vazifasini va ahamiyatini belgilab beradi. Italiya va Ispaniyadan keltirilgan sertifikatlangan in vitro materiallar asosida klonlash ishlari amalga oshiriladi. Yaʼni har bir koʻchatning genetik tozaligi va sifat standarti kafolatlangan. Koʻchatlar torf asosidagi muhitda oʻstiriladi, bu esa ularning sogʻlom boʻlishi va ochiq maydonga moslashishini osonlashtiradi.

    Bundan tashqari, yil davomida laboratoriyadan tayyor koʻchatlar chiqarilishi mumkin, bu esa mavsumiy cheklovlarsiz ishlash imkonini beradi.

    Laboratoriya tarkibidagi zamonaviy issiqxona maxsus filtrlash tizimlari (osmos va ultrabinafsha) bilan jihozlangan boʻlib, oʻsimliklarga ideal oziqlanish muhitini yaratadi. Bir vaqtning oʻzida turli xil oʻsimliklar bilan ishlay olishi — harorat, namlik va yorugʻlikning avtomatik nazorati har bir navning individual talablariga mos sharoit yaratilishini taʼminlaydi.

    Laboratoriya samaradorligini oshirish maqsadida uzum va mevali daraxtlarning koʻrgazmali kolleksiyasi tashkil etilgan. Bu nafaqat ilmiy-amaliy tajriba maydoni, balki agrar taʼlim uchun ham muhim manba hisoblanadi.

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, mahalliy agronom va koʻchatchilar uchun yilda ikki marta bepul oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilmoqda. Bu orqali nafaqat loyiha doirasidagi kadrlar salohiyati oshiriladi, balki butun mintaqadagi agrosanoat sohasiga bilim tarqalishi taʼminlanadi.

    Bir soʻz bilan aytganda, “Agro In Vitro” majmuasi qishloq xoʻjaligi sohasidagi eng muhim transformatsiyalardan biridir. Bunday loyihalar orqali Oʻzbekiston oʻzining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash barobarida, mintaqada agrar innovatsiyalar markaziga aylanish imkoniyatiga ham ega boʻladi. Ilm va tabiat uygʻunligida barpo etilayotgan yangi bogʻlarni nafaqat hosil manbai, shu bilan birga umid, barqarorlik va taraqqiyot daraxtlari deyish mumkin.


    Sardor TOLLIBOYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri


    Hamkorlik materiali