Ozod va obod Vatanimiz — Oʻzbekistonning bayrogʻi ham bizni ulugʻ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mashʼaladir. Bayroq – davlatimiz ramzidan biri. Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi.
Bayroq qadim-qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli boʻlib kelgan. Ajdodlarimiz ham yurt bayrogʻini muqaddas bilib, uni koʻz qorachigʻidek asraganlar.
Buyuk sohibqiron Amir Temur gʻoliblik bayrogʻini yuksak koʻtardi. Bu bayroq ostida buyuk el birlashdi, u barpo etgan ulugʻ saltanatni dunyo tan oldi. Bu davr vatan tarixiga zarhal harflar bilan bitildi. Bayroq esa tom maʼnoda mamlakat ramzi, ulugʻvorlik timsoliga aylandi. Jangchilarga jangovar ruh bagʻishlash, ularning kayfiyatini koʻtarish, irodasini chiniqtirish maqsadida jang maydonlari uzra baland hilpirab turdi. Bu bayroq eng ishonchli bahodirlar tomonidan qoʻriqlandi. Bexos daydi oʻq kelib tugʻ koʻtargan jangchiga tegsada, u tuproqqa qorishmadi — darhol shahid sarboz oʻrnini boshqasi egallaydi, maqsad janggohdagilarga bayroq koʻrinmay qolmasin.
Sohibqiron bobomiz zamonida bayroqni past tutish yoki sarbozning qoʻlidan tushib ketishi xosiyatsiz sanalgan. Bunga sohibqiron alohida eʼtibor bergan. Bayroqning pasaytirilishi magʻlubiyat va ortga chekinish ishorasi boʻlgan. Shuningdek, “Temur tuzuklarida taʼkidlanishicha, dushman ustidan shijoat va mardlik koʻrsatib, gʻalaba qozongan amirlar va sipohiylarga davlat timsollari — tugʻ va nogʻora inʼom qilingan. Bu sohibqiron davlatida saltanat ramzlari nechogʻlik baland maqom tutgani va ular qanday katta ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi...
Bayrogʻimiz 1992-yilning 2-martidan Oʻzbekiston toʻlaqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi oldida ham hilpiray boshladi. Mana, qariyb 31 yildirki, u xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, mustaqilligimizning jahonaro ifodasi, xalqimiz gʻururi va iftixori timsoli boʻlib xizmat qilmoqda.
Chet ellarda yurganimizda oʻsha yerda hilpirab turgan bayrogʻimizga koʻzimiz tushishi bilan yuragimizda cheksiz faxr uygʻonadi, ruhimiz koʻtariladi. Bayrogʻimiz timsolida dunyoning har qaysi nuqtasida ham Oʻzbekiston degan himoyachimiz, suyanchigʻimiz borligini his qilamiz.
Bayrogʻimiz bugungi kunda milliy aviakompaniya samolyotlari, xalqaro yoʻnalishdagi poyezdlarimiz orqali dunyoning koʻplab mamlakatlariga “parvoz qilib”, Oʻzbekistonday kelajagi buyuk davlat borligini jahonga namoyish etmoqda.
Xalqaro maydonda rasmiy delegatsiyalarimizning xorijiy mamlakatlarga safarlari chogʻida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalar, jahon koʻrgazmalari va sport musobaqalarida mamlakatimiz timsoli hisoblanadi. Qonunning 13-moddasiga muvofiq, fuqarolarimiz, shuningdek, Oʻzbekistonda turgan boshqa shaxslar davlatimiz bayrogʻini hurmat qilishlari shart va unga behurmatlik uchun jazo muqarrar. Bayrogʻimiz davlat idora va tashkilotlari, taʼlim muassasalari, harbiy qismlar — qoʻyingki, barcha sarhadlarida hilpirab turibdi. Qurolli kuchlarimiz safiga chaqirilgan, harbiy taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlarimiz Davlatimiz bayrogʻi poyida Vatanni koʻz qorachigʻiday asrash, uni oʻz shaʼni va nomusiday munosib himoya qilishga qasamyod qiladi.
Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarayotgan sportchilarimizning yutuqlari qalbimizni vatanparvarlik tuygʻusiga toʻldiradi.
Joriy yilning avgust va sentyabr oylari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida oʻtkazilgan butun dunyo Olimpiada va Paralimpiadada qatnashgan oʻgʻil-qizlarimiz Amerika diyorlarida Yer kurasining eng tez, eng zoʻr va eng kuchli sportchilari yigʻilgan jahon Olimpiadasida bizni bayrogʻimizni eng oliy darajaga koʻtarishlari – hammamizning gʻurur va iftixorimiz boʻldi!
Mustaqil Oʻzbekiston bayrogʻi sarhadimizda qadimdan mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqlikni hamda vatanimizning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtirgan. Bayrogʻimizda yaxshilik, shon-shuhrat, sadoqat, poklik, xalqning tarixi va navqironligi aks etgan.
Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. Oʻzbekiston farzandlari qayerda boʻlmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrogʻini ardoqlaydi. Chunki bayroq — hurlik timsoli, ezgulik, tinchlik ramzidir!
Mahbuba Rasulova,
Toshkent davlat yuridik universiteti, Xorijiy tillar kafedrasi oʻqituvchisi