Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Bel olish va uch kurash assotsiatsiyasining yillik taqvim rejasidagi mazkur mamlakat chempionatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 600 ga yaqin yosh polvonlar gʻoliblik uchun bellashdi.
Musobaqa reglamentiga muvofiq, dastlab kattalar va 2004-2005-yillarda tugʻilgan yigit-qizlar bel olishning halqa – chalish, halqa – chalishsiz yoʻnalishlarida belgilangan vazn toifalariga koʻra kuch sinashdi. Soʻng bel olish va uch kurashning uch kurash boʻyicha musobaqasiga navbat berildi.
Chempionat bahslarida 2004-2005-yillarda tugʻilgan oʻgʻil bolalar oʻrtasida Maʼruf Boltaboyev (Andijon), Sardorbek Komilov (Andijon), Javohir Egamberdiyev (Xorazm), Jasur Xolmurodov (Surxondaryo), Otabek Xolmirzayev (Toshkent viloyati), kattalar oʻrtasida Umidjon Sharopov (Jizzax), Nurmuhammad Abdullayev (Fargʻona), Abduhakim Mahmudov (Toshkent shahri), Muhammadkarim Karimov (Fargʻona), Anvar Xudoyqulov (Samarqand), Asilbek Abduraimov (Samarqand) kabi polvonlar oʻz vazn toifalariga koʻra chempionlikni qoʻlga kiritib, shohsupaga koʻtarildi.
Shu tariqa bel olish va uch kurash boʻyicha 2021-yilning dastlabki gʻolib va sovrindorlari aniqlandi va assotsiatsiya tomonidan diplom, medal, esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi.