Sirdaryo viloyatining Shirin shahri hamda Guliston tumanidagi bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida bel olish va uch kurash boʻyicha 2020-yilning soʻnggi musobaqalari oʻtkazildi. Shirin shahrida 2005-2006 hamda Guliston tumanida 2007-2008-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabariga koʻra, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston bel olish va uch kurash assotsiatsiyasining yillik taqvim rejasidan oʻrin olgan mazkur musobaqalarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 600 nafarga yaqin yosh polvonlar gʻoliblik uchun kurash tushdi.

Musobaqa reglamentiga koʻra, dastlab 2005-2006 hamda 2007-2008-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar Shirin shahridagi BOʻSMda bel olishning xalqa – chalish, xalqa – chalishsiz yoʻnalishlarida belgilangan vazn toifalariga koʻra kuch sinashishdi. Bel olish boʻyicha bellashuvlar yakuniga yetgach esa Guliston tumanidagi BOʻSMda uch kurash boʻyicha “belbogʻli” va “belbogʻsiz” yoʻnalishlarida ham gʻoliblar nomi aniqlandi.

Murosasiz oʻtgan mazkur yoʻnalishlardagi musobaqalarda Behruz Baxtiyorov (Navoiy), Azizillo Aliyev (Andijon), Faxriddin Eshquvvatov (Surxondaryo), Abbosxon Tilavoldiyev (Fargʻona), Nurbek Omonov (Sirdaryo), Oybek Abduqayumov (Toshkent v.), Akmal Matyaqubov (Xorazm), Abdulaziz Joʻrayev (Toshkent sh.), Dilnura Rustamova (Surxondaryo), Gulinur Nishonova (Andijon) kabi isteʼdodli oʻgʻil-qizlar oʻz vazn toifalarida chempionlikni qoʻlga kiritib, shohsupadan joy olishga muvaffaq boʻlishdi.

Oʻzbekiston chempionati yakuniga yetgach, gʻolib va sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi.