Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Belarus Respublikasi Sport va turizm vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Hujjat ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha qoʻshma hukumatlararo komissiyaning VIII yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Ulugʻbek Azamov hamda Belarus Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Aleksandr Guryanov tomonidan imzolandi. 

Tomonlar turistik mahsulotlarni targʻib qilish, turizm sohasida maʼlumotlar va tajriba almashish, infoturlar tashkil etish, kadrlar tayyorlash, turizm turlarini qoʻllab-quvvatlash: sogʻliqni saqlash, ekologik, gastronomik, togʻ, madaniy, arxeologik va agroturizm kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilishga kelishib olishdi. Taʼkidlash joizki, Belarus Respublikasi bilan turizm sohasidagi hamkorlik ham koʻp qirrali formatlarda, jumladan, MDH Turizm kengashi doirasida ham faol rivojlanib bormoqda. Ushbu idoralararo bitimning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlar uchun mustahkam zamin yaratadi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari va turizm sohasidagi qonunchilik bazasining mustahkamlanishida muhim sanaladi.