Hindistonlik bir guruh taniqli blogerlar Oʻzbekistonga keladi

    Turizm 19 Iyun 2025 954

    Hindistonlik 9 nafar taniqli bloger joriy yil 19-26-iyun kunlari Oʻzbekistonda boʻladi.

    “Dunyo” AAning xabar berishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ommabop boʻlgan sahifalar mualliflarining mamlakatimizga tanishuv safari Oʻzbekiston elchixonasi va Turizm qoʻmitasi hamkorligida tashkil qilinmoqda.

    Blogerlar guruhiga obunachilari 1,5 milliondan 20 million nafargacha boʻlgan ijtimoiy tarmoq faollari kiritilgan.

    Hindiston vakillari Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlari va Toshkent viloyati boʻylab safar qiladi. Oʻzbek xalqining boy tarixiy merosi, betakror meʼmoriy obidalari, salmoqli sayyohlik salohiyati haqida turkum materiallar tayyorlaydi. Shuningdek, oʻz oʻquvchilari va obunachilarini zamonaviy Oʻzbekiston turli sohalarda qoʻlga kiritayotgan yutuqlar bilan tanishtiradi.

    Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar jarayoni Hindiston yetakchi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi ommabop sahifalar diqqat eʼtiborida boʻlib turibdi. Ular tomonidan ushbu mavzuga bagʻishlangan turli janrlardagi materiallar muntazam tarzda eʼlon qilib borilmoqda.

    Buning natijasida Hindistondan Oʻzbekistonga sayyohlik oqimi yildan yilga izchil oʻsishiga erishilmoqda. Xususan, 2023-yilda 50 ming nafarga yaqin hindistonlik sayyoh mamlakatimizga safar qilgan boʻlsa, 2025-yilda ularning safi 80 ming nafardan oshdi. Joriy yil esa ushbu koʻrsatkich 100 ming nafarga yetishi kutilyapti.