Belaruslik mashhur jurnalistlar va blogerlar Oʻzbekistonga keladi

    Turizm 20 Aprel 2023 1038

    Madaniyat va turizm vazirligi mamlakatimizning Belarus Respublikasidagi Elchixonasi bilan hamkorlikda Belarusning bir qator yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlari uchun Oʻzbekiston boʻylab press-tur tashkil etadi.

    Ushbu press-tur davomida Belarus xalqi uchun Oʻzbekistonning turizm salohiyati va boy madaniy merosi haqida maʼlumot beruvchi materiallar tayyorlash hamda qisqa metrajli filmlarni (videorolik) suratga olish rejalashtirilyapti.

    Maʼlumot uchun press-tur qatnashchilarining ijtimoiy tarmoqlardagi umumiy auditoriyasi 10 million nafardan oshiq boʻlib, ular “Belarus 1” telekanalining “Dobray ranіsы Belarus” (Xayrli tong Belarus) dasturi, “BelTA” agentligi, “SB.Belarus segodnya” nashriyot uyi, “Tochka.by” internet portali hamda “Artem Pool 4” Internet-resurslarining yetakchi prodyuser, muxbir va muharriridan iboratdir.

    Press-tur joriy yil 20-27-aprel kunlari mamlakatimizning Samarqand, Buxoro, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri boʻylab tashkil etiladi.

    Mazkur delegatsiya uchun mamlakatimizga tashkil etilayotgan press-turdan koʻzlangan maqsad – Oʻzbekiston va Belarus Respublikalarining oʻzaro ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini inobatga olgan holda, xususan, Oʻzbekiston Havo yoʻllari va Belavia aviakompaniyalarining ikki davlat oʻrtasida muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyilganligidan kelib chiqib, Oʻzbekistonning Belarus Respublikasida keng targʻib qilish orqali Belarus sayyohlar oqimini Oʻzbekistonga koʻpaytirishdir, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.