EGMONT (Qirollik xalqaro munosabatlar instituti) — Belgiyada joylashgan Yevropadagi nufuzli mustaqil tahliliy markazlardan biri hisoblanadi. EGMONT 1947 yilda Belgiyaning bir qator taniqli siyosatchilaridan, sobiq bosh vaziri Pol van Zeland, professor Sharl de Vissher, xalqaro sud a'zosi va senator, professor Anri Rolenlar tomonidan tashkil etilgan.

EGMONTning asosiy faoliyati xalqaro munosabatlar sohasidagi tadqiqotlardan iborat, shuningdek diplomatik xodimlar uchun treninglar tashkil qiladi. EGMONTning muhim tadqiqotlari buyurtmachisi Belgiya Tashqi ishlar vazirligi hisoblanadi.

EGMONT bosh tadqiqotchisi Janob Aleksandr Mattelaerning ma'lumotlariga ko'ra, Institut o'z faoliyatini tadqiqot uchun olingan arizalar asosida shakllantirilgan yillik dasturlar asosida amalga oshiradi.

Muloqot tarzida o'tgan uchrashuvda Markaz direktori E.Tulyakov EGMONT vakilini olib borilayotgan tadqiqotlar yo'nalishlari va “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi faoliyati ko'lami bilan tanishtirdi.

Uchrashuv davomida tomonlar EGMONT va “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qildilar. Xususan, Yangi O'zbekistonning 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Taraqqiyot strategiyasida ko'zda tutilgan vazifalardan kelib chiqqan holda xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunlari bo'yicha tomonlar ikki mamlakat “tahlil markazlari” o'rtasida doimiy tajriba almashishni yo'lga qo'yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar va qo'shma tadqiqotlar o'tkazishga kelishib oldilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati