Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, joriy yilda mamlakatimizda umumiy quvvati 43 ming megavattlik qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kun sayin ommalashayotgan ayni pallada Surxondaryo vohasida joriy yilning 1-sentyabrigacha umumiy quvvati 390,43 megavattlik quyosh panellari oʻrnatish koʻzda tutilmoqda. Natijada kun davomida — 12 soatlik ish holatida 4685,16 megavatt elektr energiyasi tejaladi. Bundan tashqari, 2026-yilga qadar viloyatda umumiy quvvati 4 ming 633 megavatt boʻlgan 3 ta yirik issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilishi kutilmoqda.
Jumladan, Angor tumanida Germaniyaning “Siemens Energy”, Fransiyaning “EDF”, Niderlandiyaning “Stone sity energy” kompaniyalari tomonidan quvvati 1 ming 560 megavattlik yangi issiqlik elektr stansiyasi barpo etiladi. Bu boradagi saʼy-harakatlar natijasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali energiya taqchilligini qoplash maqsadida Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida qator amaliy ishlarga qoʻl urildi. Institutda 50 kilovatt quvvatli quyosh paneli oʻrnatilgan boʻlib, bir kunda 278 kilovatt/soat (222 ming 400 soʻmlik) elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Bu bir oyda 8 ming 340 kilovatt/soat (6 million 672 ming soʻm), bir yilda 100 ming kilovatt (80 million soʻmlik) elektr energiyasini tejash imkonini beradi. Ushbu panellar institutimiz hududida oʻtgan yili dekabrda oʻrnatilgan edi. Hozirga qadar 13 ming kilovatt/soat elektr energiyasi olindi. Natijada 10 million 400 ming soʻm mablagʻ iqtisod qilindi. Bu bilan cheklanmay, byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan 2023-yilning ikkinchi choragida 60 kilovatt, uchinchi choragida 72 kilovatt — jami 132 kilovatt quvvatga ega quyosh panellarini oʻrnatish rejalashtirilgan.
Soʻnggi yillarda yurtimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish bir necha barobar oshgan boʻlsa-da, keng koʻlamli qurilish va bunyodkorlik ishlari, ishlab chiqarish hamda xizmatlar sohasi jadal rivojlanishi hisobiga nafaqat elektr energiyasi, balki boshqa resurslarga ham talab oʻsmoqda. Ayniqsa, anomal sovuq kelgan bu yilgi qish mavsumida muammoning qanchalik jiddiy ekanini barchamiz koʻrdik.
Shu maʼnoda, hukumat darajasida energiya muammolarini hal qilish boʻyicha qilinayotgan ishlar, albatta, eʼtiborga loyiq. Energiya resurslari narxini erkin bozor tarifiga oʻtkazish, yangi issiqlik hamda gidroelektr stansiyalar qurish, mavjudlarining quvvatini oshirish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirish, kichik GESlar tarmogʻini yaratish kabi ishlar xalqimiz farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz yaqinda Vodiy viloyatlariga safari davomida aholi ishlab chiqargan isteʼmoldan ortiqcha elektr energiyasini davlat tomonidan sotib olish taklifini bildirdi. Bu tashabbusni yurtdoshlarimiz qizgʻin qabul qildi. Chunki bu amaliyot jahon tajribasida oʻzini oqlagan. Bu jarayon qancha tez amalga oshsa, samarasi shuncha yuqori boʻladi. Zotan, Oʻzbekiston singari shiddat bilan taraqqiyotga intilayotgan mamlakatning barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatini taʼminlash uchun ham energetika samaradorligiga erishish oʻta muhim va dolzarb.