Bemor boʻlganda qanday mahsulotlardan saqlanish kerak?

    Toʻgʻri ovqatlanish va koʻproq suv ichish immunitet tizimini qoʻllab-quvvatlaydi, shamollash bilan kurashish va tiklanishga yordam beradi. Ammo notoʻgʻri ovqatlanish betob inson holatini yomonlashtirishi yoki immunitet faoliyatini susaytirishi mumkin.

    Organizm kasallik bilan kurashayotganda alomatlarni kuchaytiradigan yoki immunitetni tushiradigan, tiklanishni kechiktiradigan mahsulotlardan voz kechish muhim.

    Tarkibida shakar miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlar

    Koʻp miqdorda shakar isteʼmol qilish immunitet funksiyasini susaytirishi va organizmda yalligʻlanishni keltirib chiqarishi mumkin. Meva, sabzavot, butun don va dukkakli ekinlarda mavjud boʻlgan tabiiy shakardan xavotirlanishga oʻrin yoʻq.

    Koʻpgina qayta ishlangan va shakarli oziq-ovqatlarda, masalan, qamish shakar, jigarrang shakar, jigarrang guruch siropi, agava va boshqalardagi qoʻshimcha shakarlarni isteʼmol qilishni minimallashtirishga harakat qiling.

    Oʻzingizni yomon his qilganingizda, qayta ishlangan va shakar miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlarni cheklash yoki undan voz kechish maqsadga muvofiq. Uning oʻrniga tabiiy va yangi tayyorlangan taomlarni isteʼmol qilgan afzal.

    Spirtli ichimliklar

    Ularning tarkibida ozuqa moddalari yoʻq. Qolaversa, alkogol organizmni suvsizlantiradi va immunitet tizimini zaiflashtirishi, infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatini pasaytirishi mumkin.

    Sitruslar

    Barcha sitrus mevalar immunitet uchun juda muhim boʻlgan S vitaminiga boy. Aksariyat insonlar uchun bunday neʼmatlar kasallik paytida foydali. Biroq baʼzilar, ayniqsa, tomoq ogʻrigʻidan aziyat chekayotganlar uchun sitrusning kislotasi ogʻriqni yanada kuchaytirishi mumkin.

    Sut mahsulotlari

    Sut, yogurt, pishloq va muzqaymoq kabi sut mahsulotlari tarkibida laktoza deb nomlanuvchi sut shakari mavjud. Laktoza isteʼmoli zararli boʻlgan baʼzi odamlar uni hazm qilishda muammolarga duch keladi, bu esa oshqozon bilan bogʻliq muammolar, burun oqishi yoki bitishiga sabab boʻlishi mumkin.

    Yogʻli ovqatlar

    Koʻpgina tezpishar yogʻli ovqatlardan saqlaning. Betoblik vaqtingizda bekon, kolbasa mahsulotlari, sut, qaymoq, sariyogʻ, qovurilgan taomlar va shirin pishiriqlardan tiyilganingiz maʼqul.

    Ushbu oziq-ovqatlarda kasallik paytida immunitet tizimi uchun zarur boʻlgan vitamin va minerallar kam. Shuningdek, ular hazm qilinishi qiyin. Ayniqsa oshqozon infeksiyasi bilan ogʻriyotganlar uchun bunday ovqatlar xavf tugʻdirishi, tabiiy.