Shunday holatlarning oldini olish maqsadida har yili oktyabr oyida dunyo boʻylab “Pushti oktyabr” — Butunjahon koʻkrak bezi saratoni haqida ogohlik oyligi oʻtkaziladi.
— Bu patologiya asosan 45-65 yoshda rivojlanadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim rahbari Nigora Mahmudova. — Ammo oxirgi yillarda mazkur xastalik yil sayin yasharib, hatto 25-30 yosh toifasidagi fuqarolarda ham uchramoqda. Shu sababli mazkur yoshdagi ayollar rejali mammografik tekshiruvlardan oʻtib turishi zarur.
Yurtimizda ushbu yoʻnalishda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, har yili 1,5 million nafarga yaqin 45-65 yoshdagi opa-singillarimizni shunday tekshiruvlar bilan qamrab olish choralari koʻrilyapti.
Chunki koʻkrak bezi saratonini vaqtida aniqlash orqali bemor hayotini saqlab qolish mumkin. Shuning uchun shifokorlar 20 yoshdan boshlab yiliga bir marta koʻkrak bezi, qalqonsimon bez va kichik tos aʼzolarini ultratovush tekshiruvidan oʻtkazib turishni tavsiya etadi.
Oʻz navbatida, ginekolog, endokrinolog va mammolog koʻrigiga borish ham muhim. Qolaversa, 45-65 yosh oraligʻidagi ayollarga qoʻshimcha mammografiya tekshiruvlaridan oʻtib turish talab etiladi.
Shundan kelib chiqib, Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻi asosida yil boshidan tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida onkonazorat xonalari tashkil etildi. Mobil va statsionar mammograflar ishini 2 smenada yoʻlga qoʻyish choralari koʻrildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ginekolog mutaxassislarni bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratoni skriningini oʻtkazish boʻyicha oʻqitishga qaratilgan oʻquv kurslari tashkil etildi.
Albatta, bu chora-tadbirlar koʻkrak bezi saratoniga chalinish va undan oʻlim holatlarni keskin kamaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.








