Bemor sifatida poliklinikaga kelgan deputatni nimalar tashvishga soldi?

    Dardiga darmon istab kelgan fuqarolarni qabul qilishda tartibning yo'qligi  bir qarashdayoq ko'zga tashlanadi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 54-Norin saylov okrugidan saylangan deputat Zafarjon Xudoyberdiev saylovchilar bilan bu galgi uchrashuvlari oldidan joylardagi ahvolni o'rgandi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar berdi.

    Ko'pincha bunday o'rganishlarda saylovchilar o'rtaga tashlaydigan savollarning aksariyati amaliy ko'rinishda namoyon bo'ladi. Jumladan, bemor qiyofasida ko'p tarmoqli tuman markaziy poliklinikasiga tashrif buyurgan deputat aholiga tibbiy xizmat ko'rsatishning sifati yuzasidan bildirilayotgan e'tirozlarda jon bor ekaniga amin bo'ldi. Dardiga darmon istab kelgan fuqarolarni qabul qilishda tartibning yo'qligi bir qarashdayoq ko'zga tashlanadi. Odamlar o'zi istagan mutaxassisni qidirib hali u, hali bu xonaning eshigiga bosh suqish bilan ovora. Ayrim shifokorlar, xususan, tor doiradagi mutaxassislarni joyidan topish qiyin.

    Masalan, ko'z kasalliklari vrachi ko'rigiga kelganlar doktorni soatlab kutishganiga qaramay u qorasini ko'rsatmadi. Aytishlariga qaraganda, oftalmolog qaysidir hududga tibbiy ko'rik uchun ketgan ekan, lekin, aynan qaysi qishloq yoki mahallaga yo'l olganini hech kim aniq ayta olmadi. Ko'pchilikning fikriga ko'ra, bu erda tor doiradagi mutaxassislarni uzoq xududlar, shuningdek, harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni ko'rikdan o'tkazishga tez-tez safarbar qilib turilar ekan. Bunday holatda u xizmat ko'rsatishi lozim bo'lgan xona eshigi kun bo'yi yopiq turadi. Ko'p yillardan buyon davom etib kelayotgan bunday tartibdan shifokor yordamiga muhtoj bo'lib poliklinikaga kelgan bemor jabr ko'rmasligi lozim.

    Shu o'rinda shunday savol tug'iladi: tuman markazida mutaxassislar etishmay tursa, olis qishloqlar ahlining malakali tibbiy yordamga bo'lgan ehtiyojini qondirish uchun hali ancha qovun pishig'i bor ekanda.

    Sog'lom turmush targ'ibotida etakchilik qilishi lozim bo'lgan poliklinikada shifokorlarning o'zi aytganiga amal qilmayotgani ham deputatni hayratga soldi. CHunonchi, koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq karantin choralari go'yoki unutilganday. Oraliq masofani saqlash degan talabning o'zi yo'q. Vrach va hamshiralarning aksariyati tibbiy niqob taqmagan.

    Deputat tumanning bosh poliklinikasidagi shu singari boshqa holatlar yuzasidan tibbiy jamoa bilan o'tkazilgan muloqot chog'ida masalani ko'ndalang qo'ydi. Tabiiyki, shifokorlar ham o'z deputatlariga bir qator savol hamda fikr-mulohazalarini bildirishdi. Masalan, ular tomonidan tibbiyot xodimlarining haq-huquqlari va ularga beriladigan imtiyozlarni o'zida aks ettirgan qonun qabul qilish taklif o'rtaga tashlandi.

    Deputat tibbiy xizmat yo'nalishidagi o'rganishlari davomida aholining bundan uch-to'rt yil avval faoliyati tugatilgan Xo'jaqo'rg'oncha qishloq vrachlik punkti ishini qayta tiklash bo'yicha murojaatlariga o'z javobini aytdi. Z. Xudoyberdiev bir muddat avval ayni masalada tegishli vazirlikka deputat so'rovi yuborgandi. Ta'kidlanishicha, sobiq QVP o'rnida oilaviy poliklinika xizmatini yo'lga qo'yish 2022 yil dasturiga kiritilgan.