Davlatimiz rahbarining bu yil 18-mart kuni tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvi Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yilidagi asosiy muloqotlardan biri boʻldi. Yurtimizda fuqarolar salomatligiga eʼtibor insonni qadrlash tamoyilining uzviy qismidir. Zotan, xalq sogʻlom va barkamol boʻlsa, mamlakat oʻz oldiga qoʻygan yuksak marralarga erisha oladi. Buning uchun milliy tibbiyot, sogʻliqni saqlash tizimi faoliyati toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan boʻlishi zarur.

Mazkur muloqotda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan kelgusida bajarilishi zarur boʻlgan 7 ta ustuvor yoʻnalishdagi vazifalar sanab oʻtildi.

Prezidentimiz bundan besh yil avval — 2017-yil 6-yanvar kuni Sogʻliqni saqlash vazirligi va soha vakillari bilan uchrashuvda tizimda oʻz yechimini kutayotgan qator muammolarga toʻxtalib, aholi salomatligini mustahkamlash, yuqori malakali tibbiy yordam koʻrsatish yoʻnalishlaridan fuqarolar rozi emasligini aytgandi. Bu gaplar ochiq haqiqat edi. Chunki 2016-yilning soʻnggi ikki-uch oyida Virtual qabulxonaga yurtdoshlarimizdan sohaga tegishli yetti mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Oʻsha paytlarda nafaqat tibbiyot xodimlari, balki aholining barcha qatlamida, bemorlarda tushkunlik kayfiyati, pessimizm avj olganini eslamaslikning iloji yoʻq.

Oʻtgan besh yilda, tub islohotlarning dastlabki kunlaridan boshlab, xalqimiz sogʻligʻini mustahkamlashga eng ustuvor vazifa deb qaraldi, xorijiy yutuqlar oʻrganilib, milliy tibbiyotga joriy etildi. Shifoxonalar, tibbiy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasi yaxshilandi, zamonaviy uskunalar bilan taʼminlandi. Shifokor va hamshiralarning xorijdagi nufuzli klinika va universitetlarda malaka oshirishi uchun yetarli sharoit yaratildi. Shuning dek, yurtimizda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha yangicha tizim joriy etildi. Mana shu saʼy-harakatlar hamda shifokorlarning xalq orasiga kirib, aholi salomatligini oʻrganishning “xonadonbay” tizimiga oʻtilgani, olis va chekka qishloqlarga ishga boradigan bitiruvchilar uchun “Qishloq shifokori” dasturi qoʻllana boshlangani, sogʻliqni saqlash sohasi vakillarining maoshi, moddiy taʼminotiga eʼtibor qaratilgani aholining, jumladan, tibbiyot xodimlarining ertangi kunga ishonchini oshirdi. Hatto pandemiya davridagi oqilona siyosat tufayli iqtisodiyotimiz ham, xalqimiz ham koʻp talafot koʻrmadi.

Mamlakatimiz ijtimoiy hayotida sogʻliqni saqlash sohasi muhim oʻrin tutishi, sogʻlom avlod kelajagi aynan shu tizimning samarali faoliyatiga chambarchas bogʻliq ekanini hisobga olib, kelgusi besh yilda ham aholini sifatli va malakali tibbiy xizmat bilan taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini keng qaror toptirish Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida eng muhim yoʻnalish sifatida belgilangan. Bu esa xalqning roziligiga, sohaning yangi bosqichga koʻtarilishiga xizmat qiladi.

Ochiq muloqotda sogʻliqni saqlash muassasalarini malakali kadrlar bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, tizimdagi shifokorlarning 45 foizi, hamshiralarning esa 40 foizi malaka toifasiga ega emasligi, shuningdek, koʻp muassasalarda mutaxassis yetishmasligi sababli 2022-2023 oʻquv yilidan tibbiyot oliygohlariga davlat grantlari asosida qabul kvotalari hududlarda shifokorlarga boʻlgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, maqsadli oshirib boriladi. Bu ayni bugundan kechiktirib boʻlmaydigan vazifa edi. Sababi, kvotalarni shakllantirishda tibbiyot sohasi kadrlariga hududlardagi ehtiyoj hisobga olinmasligi tufayli katta boʻshliq yuzaga kelgan. Hozir mamlakatimizning chekka hududlariga moddiy ragʻbatni oshirish evaziga boshqa viloyatlardagi shifokorlar yuborilayotgani ham mazkur zarurat hosilasi.

Shuningdek, muloqotda 11 ta tibbiyot oliygohida olti oylik ixtisoslashgan kurslar tashkil etilib, har yili 500 nafardan oilaviy shifokorni hududlardagi eng zarur tor soha mutaxassisligi boʻyicha maqsadli oʻqitish dasturi amalga oshirilishi haqida soʻz bordi. Bu boʻyicha oliy taʼlim muassasamiz oldida ham muayyan vazifalar turibdi. Ularning ijrosiga izchil kirishganmiz.

Mazkur ochiq muloqotda amalga oshirilishi zarur boʻlgan yettita ustuvor yoʻnalishdan tashqari ijrosini aslo kechiktirib boʻlmaydigan yana bir necha vazifa belgilab berildi. Sogʻliqni saqlash tizimini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish shular jumlasidan. Bu yoʻnalishda Toshkent tibbiyot akademiyasida ham tegishli ishlar boshlangan. Xususan, xodimlarni ishga qabul qilishda yangi tizim joriy etilgan. Ishga kirishga nomzodni xodimlar safiga qabul qilish jarayoni maxsus kengash qarori bilan amalga oshadi. Bundan tashqari, yigit-qizlarni magistratura va klinik ordinaturaga imtihon orqali qabul jarayonida inson omili ishtirok etmaydi. Bu borada toʻliq kompyuterlashgan tizim joriy etilgan.

Muloqotda yana bir masalaga eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari tibbiy taʼlim tizimiga “Tibbiyot xodimlarining maʼnaviyati”, “Shifokor madaniyati” kabi maxsus kurslar kiritish zarurligini taʼkidladi. Bu ham bugungi kun talabi. Sababi, mutaxassis oʻz sohasini chuqur bilish bilan birga, yuksak maʼnaviyat, goʻzal xulq-atvorga ega boʻlishi zarur. Chunki shifokorning shirin soʻzi, xushmuomalasi baʼzan dori-darmondan ham koʻproq naf keltiradi.

Xulosa qilib aytganda, oldimizga qoʻyilgan vazifalarni sidqidildan bajarish, jumladan, katta orzu-niyat bilan oliygohimizga oʻqishga kirgan yigit-qizlarni maʼnaviy dunyosi goʻzal, kasbini puxta egallagan, bemorlar bilan yuksak muloqot madaniyatiga ega, oʻqish, izlanish, yangilikka intilishdan charchamaydigan shifokorlar etib tayyorlashni hayotiy maqsadimiz va maslagimizga aylantiramiz.