O‘rganishlar jarayonida ayrim avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan olingan avtobenzinlar davlat standart ko‘rsatkichlariga muvofiq bo‘lmagan holatlar ham uchrab turadi.
Import asosida kirib kelayotgan mahsulotlar halqaro standartlarga muvofiq bo‘lib, bundan tashqari davlat chegaralaridan olib kirishda akreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarni xulosalari taqdim etilishi talab etiladi. Import avtobenzinlarni sifatini buzilish holatlari ba’zi nopok tadbirkorlar tomonidan respublika hududida amalga oshirishmoqda. Bu esa import mahsulot deyilmaydi.
Olib borilgan tekshirishda sifatsiz avtobenzin yoqilg‘isi aniqlangan hollarda hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirib kelingan. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hududlaridagi neft bazalarda sifatsiz mahsulotlar aniqlanganligini misol qilish mumkin.
«O‘zneftgazinspeksiya» Nazorat – kimyo laboratoriyasi tomonidan neft mahsulotlari sifatining nazorati va tahlil qilish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 2021-yilning o‘tgan davrida faoliyat ko‘rsatayotgan 1 286 ta xususiy avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari hamda neft mahsulotlarini savdosi bilan shug‘ullanadigan 61 ta yirik korxonalar nazorat qilib kelinmoqda hamda muntazam ravishda ulardagi avtobenzinlarning sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilib borilmoqda.
Mazkur davr mobaynida 1 608 ta holatda (22 668 tonna) neft mahsulotlaridan namunalar olinib, sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilinganida 94 ta holatda (745 tonna) neft mahsulotlari sifatsiz ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, import asosida olib kelingan 44 855 tonna neft mahsulotlaridan namunalar olinib laboratoriya sharoitida sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilinganida, mahsulotlar sifatli deb topilib tegishli xulosalar berilgan.
«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan 5-6 ta AYoQShdan xarid qilib olingan avtobenzin yoqilg‘isi sifat ko‘rsatkichi belgilangan me’yor talablariga muvofiq emasligi, butun respublikadagi avtobenzin yoqilg‘ilarini sifatsiz ekanligidan dalolat bermaydi va bu bilan umumiy xulosa qilish noto‘g‘ri.
Jumladan, joriy yil 22-aprelda ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan video lavhada «Malibu-2» rusumli avtomashinani motor dvigateli ishdan chiqqanligi va golovka silindr qismi qora moy bo‘lib ketganligi va bunga sabab qilib avtobenzin sifatsizligi ko‘rsatilgan.
Ushbu lavha bo‘yicha mutaxassislar bilan olib borilgan suhbatlar davomida, avtobenzin motor qismiga kelib yonish jarayoniga qadar bir necha filtrlardan o‘tishi sababli, ushbu nosozlik avtobenzin sifatiga bog‘liq bo‘lmasligi ta’kidlandi.
O‘rganishlar davomida tayyor neft mahsulotlar tarkibiga «Uz-Kor Gas Chemical» MChJ QK tomonidan ishlab chiqarilayotgan piroliz distillyati qo‘shish orqali sifat ko‘rsatkichlari buzilayotganligi aniqlanib, bu bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borildi.
Birja savdolari orqali piroliz distilyatini xarid qilib olayotgan tadbirkorlik sub'ektlarida qayta ishlash texnologiyalari yetarli darajada mavjud emasligi bois, nomuvofiq maqsadlarda foydalanayotganligi aniqlanmoqda.
Shu sababli, piroliz distilyatini yirik miqdorda xarid qilgan 7 ta tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilgan tekshirishda, tayyor turdagi neft mahsulotlarining sifat ko‘rsatkichlari buzilish holatlari aniqlangan va tekshirish natijalari bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan.
Shu bilan birga 1 ta tadbirkorlik sub'ekti tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari qo‘pol ravishda buzilganligi sababli litsenziyasini bekor qilish masalasi yuzasidan sudga da’vo ariza kiritildi.
Bundan tashqari, piroliz distilyatini eksportga yo‘naltirish choralarini ko‘rish yoki ichki bozorga sotishda vakolatli idoralarning tegishli ruxsatnoma va xulosalariga asosan hamda qayta ishlash texnologiyalariga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga sotish yuzasidan «Uz-Kor Gas Chemical» MChJ QKga ko‘rsatma berildi.
Xozirgi kunda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalariga avtobenzin yetkazib berayotgan ayrim tadbirkorlik sub'ektlarida mahsulot sifatini buzish holatlari kuzatilayotganligi uchun ularning faoliyatini tekshirish yuzasidan Vakil (Biznes Ombudsman)ga murojaat yuborilgan.
Shuningdek, joriy yilning may oyida «Buxoro neftni qayta ishlash zavodi»da amaldagi me’yoriy hujjatlarga rioya etilishini o‘rganish bo‘yicha profilaktik tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, iste’molchilarni sifatli neft mahsulotlari bilan ta’minlash borasida «O‘zneftgazinspeksiya» tomonidan doimiy ravishda nazorat tadbirlarini amalga oshirib kelinyapti, deb xabar beradi Enrgetika vazirligi «O‘zneftgazinspeksiya» matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib.