Keling, bunga amaliy jihatdan nazar tashlab, fikrlashaylik.
Qiz bolani oʻqitish kerakmi yoki yoʻqmi, degan savolga bugun koʻpchilik “ha” deb javob berishini va bunga amaliy jihatdan astoydil harakat qilishini, samarasini koʻrib chin dildan quvonishini istaymiz. Lekin, “Qiz bolani oʻqitish shart emas, u turmushga chiqib oilani eplasa, bola tugʻsa, roʻzgʻor yumushlari bilan band boʻlsa boʻldi,” deydiganlar oz deb oʻylaysizmi? Buning uchun atrofga tuzukroq razm solishning oʻzi yetarli.
“Roʻzgʻor yumushlari” bir qaraganda silliqqina, beozor, kichkina jumla. Biroq shu “beozor” jumlaning zamiridagi mashaqqatli jismoniy mehnat koʻlamini, ruhiy zalvorini har doim ham his etmavermaymiz. Har kuni necha bor ovqat qilish, kir yuvish va uni dazmollash, bichish-tikish, uyni tozalash, hovli supurish, sigir sogʻish va hokazo, va hokazo... Bu adoqsiz roʻyxatdagi yumushlar ayollar zimmasida. Ularga bolalar parvarishi, tarbiyasi, darsini nazorat qilish kabi vazifalar ulanib ketganini ham bilamiz. ...Va beixtiyor esdan chiqqan, lekin ayol zimmasiga “yuklatilgan” vazifalar yana qatorlashib kelaveradi: uydagi keksa yoki bolalar betob boʻlib qolsa ham kunu tun parvona boʻlish, milliy qadriyatlarimiz safidan oʻrin olgan “mehmon kutish”, idish-tovoq yuvish, erining hafta oʻtmay yana kelgan oshnalari, qarindoshlarni har qanday sharoitda kulib qabul qilish... Ana shunday katta ishlar rahbarlari qaynona-qaynotaga eʼtibor va muomala esa birinchi galdagi alohida va oʻta nozik masala, albatta.
Agar shularni eplolmasa, yoki noroziligi biror marta gap-soʻzida, hatto tund qiyofasi orqali aks etsa, ayolga nisbatan dakki-dashnom, tarifu-tavsiya oʻzgacha tus oladi odatda: tarbiya koʻrmagan, sabrsiz, noshud...
“Bolalarning darslarni oʻzlashtirishi past boʻlishiga ayol aybdor, chunki erkak koʻchaning odami. Roʻzgʻorini tebrataman deb kechgacha ishlaydi, koʻchada yuradi. Uning farzand tarbiyasiga vaqti boʻlmaydi”, deguvchilar yoʻq deb oʻylaysizmi? Turmush, oila borasidagi bunday tasavvur va fikrni toʻgʻri deb biladigan “ahli donish”lar ayolining aqlu idrokiga ham bir umr shubha bilan qaraydi. Shu sabab qizidagi qobiliyatni, fazilatlarni anglamaydi, qadrlamaydi, uning maktabidagi oʻqishiga ham beparvo. Aksincha, taqdirning bu “adolatsizligi” uchun qiz tuqqan ayolini ayblaydi. Ayni paytda uning oʻgʻliga ajratadigan eʼtiborning esa cheki-chegarasi yoʻq. Uning uchun mablagʻ yigʻadi, dangʻillama uylar quradi, boy-badavlat, katta ishda ishlaydiganlar bilan quda-anda boʻlishga harakat qiladi. Oʻgʻlining oʻqishiga repititor yollab, pul sarflasa tez orada oliy oʻquv yurtiga kirib ketishiga ishonadi ham. Butun oila, farzandlar kelajagi uchun qaygʻurish shundangina iborat xolos, deb biladi.
Qizi uning uchun birovning hasmi yoki palaxmon toshi, bir kuni uyidagi bor buyumlarni oʻzga uyga olib ketuvchi... Ona qizi uchun sarpo yigʻish va kun kelib uni uzatish haqida qaygʻurib kun oʻtkazadi. Chunki onaning oʻzi ham qiz bolaning borligi koʻtara tashvish deb tushunuvchi oilada katta boʻlgan. Oʻsha dunyoqarash bilan yashayapti.
Onaning yodida: qizi chaqaloq payti kechasi bilan isitmalab chiqdi. Eri “Oʻchir anavingning ovozini, beshik-peshigi bilan hozir koʻchaga uloqtiraman”, dedi. Ona xasta norasidani bagʻriga mahkam bosib hovlidagi soʻrida tong ottirdi. Ertalab uch yashar oʻgʻilning ham isitmasi koʻtarilib, tobi qochdi. Eri zudlik bilan qishloq shifokorini uyga olib keldi. Vrach bolani yaxshilab tekshirib, isitma tushiradigan ukol qildi, kerakli dorilar roʻyxatini yozdi.
Shu payt beshikdagi chaqaloqning ingragan ovozi eshitildi.
— Beshikdagi bola ham kasalga oʻxshaydi, uni ham koʻrib qoʻyaman, — dedi shifokor qaynonasiga. — Har bir chaqaloqning salomatligini koʻrish vazifam, — deya issigʻi baland qizaloqni qoʻliga oldi va tezgina birinchi yordamni koʻrsatib, bolani shifoxonaga olib ketish kerak, degan xulosasini aytdi.
— Doʻxtir, xotinim chaqalogʻi bilan shifoxonaga ketsa, oʻgʻlimning ahvoli nima boʻladi? Iltimos xotinim uyda, oʻgʻlim yonida boʻlsin. Har kuni sizni oʻzim olib kelaman, oʻshanda chaqaloqqa ham qararsiz. Umri boʻlsa, shifoxonasiz ham oʻlmaydi”, — degandi oʻshanda eri.
Bu gapdan keyin qishloq shifokori har kuni ularning uyiga qatnab bolalarni davolagan. Oʻshanda ona qizining tashvishlarini bir oʻzi koʻtardi.
Bu qaytar dunyoda inson xor etgan har bir narsaning toʻlovini toʻlaydi. Qizidagi iqtidoriga eʼtiborsizligi evaziga ota ortiqcha erkalatgan oʻgʻli uchun hayotda koʻp bora “tovon” toʻladi.
Oʻgʻlini bir amallab oliy maʼlumotli qildi. Tanish-bilish bilan ishga joyladi. Oʻgʻil esa bir umr bir joyda muqim ishlab ketgani yoʻq. Bu orada qobiliyati qoʻllab-quvvatlanmagan qiz ham ruhiy tushkunlik va moddiy qiyinchilik tufayli hayotda koʻp qiynaldi. Intilishdan, kurashdan toʻxtadi. Onasi xavotirlanganidek qadriga yetmaydigan bir oilaga kelin boʻldi. Tugʻilib kamolga yetgan oilasidayoq ortiqcha tashvish, oilamizga omadsizlik keltirgan bexosiyat degan, tamgʻa peshonasiga urilgan qiz na kelin boʻlib tushgan oilasida izzat koʻrdi va na turmush oʻrtogʻidan vafo topdi.
Oiladagi oʻgʻil bolani deb qiz bolaning ruhi sindirildi, unga yetarli eʼtibor berilmadi. Natijada oila ikki taraflama ham yutqazdi. Aslida har qanday farzand va undagi isteʼdod avvalo, oilada oʻz bahosini olishi, qadrlanishi kerak.
Bu borada Abdurauf Fitrat shunday yozadi: “Odamning feʼl va harakatini bir yaxshi shakl va mazmunga keltirish uchun ruhni tarbiyalash lozim. Bolalarni oʻziga ishongan, kuchli, topqir, chaqqon va aqlli qilib tarbiyalash uchun oʻz qadr-qimmati, shaʼnini hurmat qilish ruhini tarbiya qilmoqlikni, shuning bilan birga, yon-atrofdagi odamlar bilan hisoblashishni oʻrgatmoq kerak... Bolalarni shunday tarbiyalash lozimki, baxtga boʻlgan intilishlari hech qachon xazon boʻlmasin... Ota-ona bolaga mamnunlik va xursandchilik qilishni man etmasligi, balki axloqqa zid boʻlmagan ishlar bilan mamnun va xursand boʻlishini qoʻllab-quvvatlashi kerak”.
Hali oʻzining oddiy insoniy burchini aniqlay olmagan ota-onadan qanday vatanparvar farzandlar kutamiz. Zamondan, oʻzi yashayotgan Vatanda kechayotgan oʻzgarishlardan voqif boʻlmagan, eʼtiborsiz oilalar davrasida faqat mayda-chuyda gurunglar boʻlarmikin, deya hayron boʻlaman. Farzandlarimizning katta yoki kichik yutuqlari oila davrasida qoʻllab- quvvatlanishi yoshlarda oʻziga nisbatan ishonch tuygʻusi shakillantiradi.
Oila – muqaddas qoʻrgʻon. Bu qoʻrgʻondagi oʻrinli ragʻbat farzandlarimiz uchun juda katta marosimda olingan mukofot kabi ahamiyatli. Bola har lahzada oʻzini kimdir kuzatib, yaxshi koʻrib turganini, ishonayotganini, qoʻllab-quvvatlanayotganini sezib turishi kerak. Uning nimjon tani uchun suv va yegulik qanchalik zarur boʻlsa, ongi va aql-idroki uchun ruhiy quvvat shunchalik zarur. Bu ruhiy quvvatning nomi mehr va eʼtibor deb ataladi. Zurriyodlarimizdagi isteʼdodlar loqaydligimiz va ilmsizligimiz tufayli roʻyobga chiqmay qolishiga yoʻl qoʻya olmaymiz.
Nuroniylarimizda ulugʻ duo bor: Dunyo turguncha turing!
Ha, inson avlodlari bardavom boʻlishini – farzandlar, nevara-chevaralar koʻrishini soʻrab shunday tilak bildiradi. Ammo, bu abadiylikka chang soluvchi illatlar koʻp: ilmsizlik, irodasizlik, ochkoʻzlik, ahloqsizlik, dangasalik, oʻgʻrilik, eʼtiqodsizlik, iymonsizlik. Bunday halokatdan najot esa bilimdadir.
Davlatimiz rahbari bir chiqishida sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimizning qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zoʻravonlik gʻoyasi “virusi” tarqalishining oldini olish, ekanligini taʼkidlab oʻtgandi.
Ayolning hayotdagi vazifasi ham, oʻrni ham nihoyatda katta. Unga eʼtibor ham, koʻmak va hurmat ham shunga yarasha boʻlmogʻi kerak. Axir, oilada saranjom-sarishtalik, mehr-muhabbatga toʻla muhit, oila aʼzolari oʻrtasida koʻngilni shod etuvchi munosabat yaratguvchi ham ayol. Taraqqiyot jadallashgan bugungi zamonda esa uning zimmasiga oila va farzandlari, turmush oʻrtogʻiga muntazam eʼtibor bilan bir qatorda el-yurt ravnaqi yoʻlida ziyoli shaxs sifatida ishtirok etishdek vazifa yuklangan. Shu bois, biz ham oʻgʻil-qizlarimiz taʼlim-tarbiyasi, baxtli hayot kechirishlari uchun masʼuliyatimizni bir lahza unutmaylik. Buning uchun jon tomirlarimiz suv ichib turgan manbai iymonu eʼtiqod, maʼnaviyat daryosi boʻlsin. Dunyo turguncha turing!
Zulfiya MARDONOVA,
shoira