Ayni kunlarda ushbu musobaqalarning birinchi fasli oʻz poyoniga yetib bormoqda.
Sportning 9 turi boʻyicha oʻtkazilayotgan musobaqalarning yakuniy Respublika bosqichi 15-iyundan start olganidan xabaringiz bor. Dastlab stol tennisi boʻyicha oʻtkazilayotgan musobaqalarda gʻoliblar aniqlandi. Ushbu musobaqalarga Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani mezbonlik qildi.
Sportni rivojlantirish vazirligi xabariga koʻra, unda 16-21, 22-26 hamda 27-30 yosh toifasidagi musobaqalarning soʻnggi bosqichiga yetib kelgan jami 114 nafar ishtirokchi gʻoliblik uchun bahslarga kirishdi. Musobaqa jarayonlarini sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov ham kuzatib bordi.
Qizgʻin va murosasiz kurashlar ostida oʻtgan musobaqa gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida Davlat soliq qoʻmitasi raisi, Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi Sherzod Kudbiyev, Sportni rivojlantirish vaziri maslahatchisi Avazjon Karimov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov va boshqalar ishtirok etdi. Gʻolib va sovrindorlar medal, diplom va pul mukofotlari, shuningdek, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.