Bu haqda sportchining oʻzi “Humo Arena” mezbonlik qilgan Devis kubogi doirasidagi Oʻzbekiston — Polsha uchrashuvidan soʻng maʼlum qildi.
Jarayon oʻziga xos tadbirga ulanib ketdi. Unda Denis Istomin yosh tennischimiz Amir Milushevga qarshi koʻrgazmali xayrlashuv uchrashuvini oʻtkazdi. Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston tennis federatsiyasi raisi Alisher Mirsoatov va federatsiya Bosh kotibi Iroda Toʻlaganova kortga chiqib kelishdi.
Tadbirda Vazir Adham Ikramov soʻz olib, Denis Istominning oʻzbek sportida tutgan oʻrni, uning rivojiga qoʻshgan hissasi haqida iliq fikrlar bildirdi. Shundan soʻng Denis anʼanalarimizga xos tarzda kuzatib qoʻyildi. Oʻz navbatida, Istomin bunday eʼtibordan mamnun ekanligini taʼkidladi. Shu tariqa, sportchimiz katta tennisdagi faoliyatiga yakun yasadi.
Eslatib oʻtamiz, Denis faoliyati davomida London-2012, Rio-2016 va Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan. 2018-yil Indoneziyada oʻtgan Osiyo oʻyinlarida oltin, shuningdek, Guanjou-2010 da 2 ta kumush hamda Incheon-2014 da 1 ta bronza medaliga ham sazovor boʻlgan.
2012-yil ATP tasnif jadvalida 33-oʻringacha koʻtarilgan. Mazkur tashkilot bayrogʻi ostida oʻtgan turnirlarda 2 bor (2015, 2017-yillar) bosh sovrinni qoʻlga kiritgan. Ushbu natijalari evaziga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.