Bir guruh davlat fuqarolik xizmatchilari Milliy kadrlar zaxirasiga olindi

    Mamlakatimizda 7 Sentabr 2022 1830

    Ular endilikda Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida malaka oshirishadi.

    Nomzodlar 2 500 nafar davlat xizmatchisi orasidan saralandi. Ular uchun bugundan masofaviy malaka oshirish kurslari boshlandi. Shuningdek, nomzodlar uchun vazirlik va idoralarda amaliyot, xorijiy stajirovka ham tashkil etiladi.

    Tizim ilgʻor xorijiy tajriba va milliy amaliyot uygʻunligi asosida takomillashdi. Maqsad — rahbarlikka tasodifan kelib qolishning oldini olish, milliy, respublika, tarmoq va hududiy darajalarda professional tayyorlangan samarali rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish.

    ***

    Bugun ZOOM platformasi orqali Milliy kadrlar zaxirasiga olingan nomzodlar ishtirokida muloqot tashkil etildi. Unda Prezident Administratsiyasi va Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul rahbarlari ham ishtirok etdi.

    Mazkur yoʻnalishdagi ishlar hududlarga chiqilgan holda maxsus Ishchi guruh tomonidan mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda tashkil etildi. Har bir hududda komissiya tarkibi tasdiqlandi. Dastlabki bosqichda, mazkur komissiya tomonidan 2,5 mingga yaqin nomzodning belgilangan malaka talablariga mosligi oʻrganib chiqildi.
    Malaka talablariga mos kelgan nomzodlarning bilimi va intellektual salohiyati, shuningdek, shaxsiy sifatlari hamda psixologik holatini aniqlashga qaratilgan test sinovlari oʻtkazildi.

    Shu bilan birga, nomzodlarning kompetensiyalarini baholash maqsadida hududiy komissiyalar va ishchi guruh ishtirokida 1 300 dan ortiq nomzod bilan suhbatlar tashkil etildi.

    Natijalarga koʻra, jami 761 nafar nomzod kadrlar zaxirasiga saralab olindi (jami 246 ta lavozimga oʻrtacha 3 nafardan nomzod).

    Muloqotda kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlarning zamonaviy bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish orqali kasbiy kompetensiyasini oshirish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan bugundan boshlab onlayn malaka oshirish kurslari boshlangani haqida maʼlum qilindi.

    Mazkur malaka oshirish kurslari natijasida nomzodlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy sohadagi bilimlari hamda rahbarlik koʻnikmalarini yanada oshirish rejalashtirilgan.

    Shuningdek, nomzodlar uchun hududlarda anʼanaviy taʼlim olish, soha boʻyicha vazirlik va idoralarda amaliyot, xorijiy stajirovka ham tashkil etiladi.

    Eslatib oʻtamiz, Milliy kadrlar zaxirasi — davlat fuqarolik xizmatida rahbar kadrlar tarkibining barqarorligi va sifatini taʼminlash, davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyalarini oshirish hamda xizmatchilarni lavozim boʻyicha koʻtarish maqsadida tashkil etilgan.