Yurtimiz energetikalari 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy generatsiya quvvatlaridagi ulushini 25 foizgacha yetkazish boʻyicha ulkan rejalarga ega (boshqa mamlakatlar bunga oʻnlab yillar mobaynida erishganlar).
Mazkur ulkan loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun xalqaro darajadagi malakali kadrlar tayyorlashga ehtiyoj sezilyapti. Ushbu omillarni inobatga olgan holda, “Oʻzenergoinjiniring” AJ xitoylik sheriklar bilan qator kelishuvlarga erishdi.
“Oʻzenergoinjiniring” AJ va Xitoyning elektr energetikasida rejalashtirish va injiniring instituti (EPPEI) rejalashtirish, injiniring va maslahatlashuvlar sohasida birgalikda qoʻshma korxona tashkil etish toʻgʻrisida kelishib oldilar.
“Oʻzenergoinjiniring” AJ hamda Energy China International dastlabki investitsiya qiymati 30 million dollarga teng boʻlgan Oʻzbekiston elektr energetikasi va yangi texnologiyalar sohasida xalqaro taʼlim muassasasini tashkil etish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida kelishib oldilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Oʻzenergoinjiniring” AJ maʼlumotiga tayanib.
Ushbu taʼlim muassasasi elektr energetikasining murakkab vazifalarini yecha olish va Oʻzbekiston elektr energetikasiga yangi texnologiyalarni joriy etish qobiliyatiga ega boʻlgan xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlaydi.
“Oʻzenergoinjiniring” AJ elektr energetikasi sohasida muhandislik tadqiqotlari, loyihalashtirish va maslahatlashuvlarga ixtisoslashgan Oʻzbekistondagi eng yirik loyiha instituti hisoblanadi. Korxona yaqinda xususiylashtirilgan.
Ikkinchi tomondan, “Oʻzenergoinjiniring” aksiyadorlik jamiyatining xitoylik sheriklari injiniring va elektr energetikasi sohasida Xitoy va jahon miqyosida yirik ishtirokchilar hisoblanadi. Jumladan, EPPEI Xitoy va jahonda elektr energetikasi sohasidagi yetakchi institutlardan biri hisoblanadi. Institut elektr energetikasi sohasida 60-yillik tajribaga hamda turli sohalardagi, shu jumladan energotizimlar rivojini rejalashtirish, elektr stansiyalarini loyihalashtirish va qurish, shuningdek yangi texnologiyalarni tadqiq qilish va ishlab chiqish sohasida keng vakolatlarga ega. Energy China International jahondagi eng yirik energetika kompaniyalardan biri boʻlgan China Energy Engineering Group Corporation Limited kompaniyasining shoʻba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya elektr stansiyalarini qurish va ekspluatatsiya qilish, elektr energetikasi uchun kadrlarni tayyorlash boʻyicha katta tajribaga ega.
EPPEI ishtirokida qoʻshma korxona tashkil etish Oʻzbekistonga Xitoyning elektr energetikasi sohasidagi ilgʻor tajribasi va texnologiyalariga keng yoʻl ochadi. Qoʻshma korxona ikki mamlakat yetakchi institutlari tajribasi va vakolatlarini birlashtiradi.
“Oʻzenergoinjiniring” AJ va Energy China International oʻrtasidagi kelishuv Oʻzbekistonda kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishdagi muhim qadam boʻladi.