Muloqotda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Adliya va Bandlik vazirligi rahbariyati hamda tegishli masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Muloqotda Prezidentimizning 2022-yil 22-dekabrdagi 269-son hamda 2023-yil 25-yanvardagi «Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmonlari ijrosi tahlil qilindi.
Xoʻsh, bugun ish beruvchilar qanday muammolarga duch kelmoqda? «Kadrovik»lar birin-ketin amaliyotda duch kelayotgan savollariga javob olishdi. Ustuvor omil — inson qadri, haq-huquqlari ekanligi taʼkidlandi. Mutaxassislar amaldagi mehnat qonunchiligi talablari, unda ish beruvchilarning xodimlarni ishga joylashtirishdagi majburiyatlari yuzasidan tegishli huquqiy tushuntirishlar berishdi.
Asosiysi, qayta tashkil etilayotgan va boʻysunuvi oʻzgarayotgan organlardagi xodimlar bilan mehnat munosabatlarini Mehnat kodeksida koʻrsatilgan tartibda davom etishiga urgʻu berildi hamda shtati boʻyicha esa avval ularni malakasi va mutaxassisligi toʻgʻri keladigan boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirish choralarini koʻrish, umuman imkonsiz hollardagina boʻshatish mumkinligi yuzasidan yoʻl-yoʻriqlar berildi.
Ishtirokchilar muloqot ayni vaqtida tashkil etilgani, farmon ijrosini taʼminlashda amaldagi qonunchilikka muvofiq ish koʻrilishi haqida tushuntirishlar berilganini maʼlum qilishdi.