Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili Alisher Kamilovga Viloyatning Quvasoy shahar, «Qalacha» MFY fuqarolari mahallada qishloq vrachlik punkti bo‘lmaganligi sababli, tibbiy xizmatdan foydalanish uchun uzoq masofa bosib o‘tishga majbur bo‘layotganliklaridan shikoyat qilishdi.
Murojaatchilar mahalla fuqarolar yig‘inining foydalanilmayotgan eski binolarini ta’mirlagan xolda QVP ochilishini so‘rab, ko‘p marotaba tegishli idoralarga murojaat qilishgani va hech qanday natija bo‘lmaganidan so‘ng, Ombudsman institutiga kelishganligini ma’lum qilishgan. Mahallaga yaqin joyda QVP bo‘lmagani yoshi kattalar, homilador va yosh bolalari bo‘lgan ayollarga noqulaylik tug‘dirayotganini bildirishdi.
Mazkur murojaat Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan nazoratga olinib, fuqarolarga tibbiy xizmatdan foydalanishlari uchun sharoit yaratilishini so‘rab Quvasoy shahar hokimligi va Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilindi.
Natijada “Qalacha” MFIning eski foydalanilmayotgan binolaridan biri ta’mirlanib, Qalacha QVP tashkil etildi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati.