Qadimdan xalqimiz orasida katta savdogar, turli sohadagi ishbilarmonlar koʻp boʻlgan. Bunga shaharlarimizning Sharq va Gʻarbni bogʻlab turgan Buyuk ipak yoʻli markazida joylashgani ham bir omil. Mazkur karvon yoʻlidan uzoq oʻlkalarga yoʻl olgan tujjorlar hududimizdagi yirik karvonsaroy, gavjum bozorlarda toʻxtab, mollarini sotgan yoki mahalliy aholi mahsulotlarini xarid qilgan. Bu xalqimizning ishbilarmonlik salohiyatini yanada oshirgan. Shu bois, hozir ham aholi bandligini taʼminlash, kambagʻal oilalar farovonligini oshirishda ularning tadbirkorlik salohiyatini yuzaga chiqarib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishiga moddiy-maʼnaviy tomondan koʻmaklashish samarali usullardan biri boʻlib qolmoqda.

Ayniqsa, endigina katta hayotga qadam qoʻyayotgan, zamonaviy fikrlaydigan, gʻayrat-shijoati baland tadbirkor yoshlarning biznesi tezda oyoqqa turib, odamlar tiliga tushyapti. Albatta, bunda ularga erkin fao­liyat yuritishi uchun yaratilayotgan sharoit hamda berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarning ahamiyati katta. Oʻtgan 8 yil ichida yosh tadbirkorlar soni uch karra koʻpayib, bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini

18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar tashkil etayotgani soʻzimizni isbotlaydi. Kelgusida bu koʻrsatkich karrasiga ortishi kutilyapti. Sababi, joriy yil 14-fevralda Prezidentimiz yoshlar ­tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan uchta muhim hujjatni imzoladi. Ularga asosan, yoʻlga qoʻyiladigan yangi tizimga koʻra, yoshlarning oʻy-xayoli, maqsad va gʻoyalari oʻrganilib, tayyor biznes rejalarga aylantiriladi. Hatto bu biznes gʻoyalarni qayerda, qanday hayotga tat­biq etish man­faatli ekani ham oʻrganiladi.

Xususan, Prezidentimizning “Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan biznes loyihalarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Yoshlar ishlari agentligi huzurida tashkil etilayotgan Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi oʻgʻil-qizlarga yaqin hamkor, joyi kelganda maslahatchi, kerak boʻlsa, moddiy qoʻllab-quvvatlaydigan homiy vazifasini oʻtaydi.

Jamgʻarma har qanday biznes gʻoyani ham hayotga tatbiq etaveradimi? Yoʻq, albatta. Avvalo, tashkilotga murojaat qilgan yoshlarning biznes loyihasi qanchalik muvaffaqiyatli ekani boʻyicha ekspertlarning tegishli xulosasi olinadi. Chunki bugungi tezlashgan zamonda biznes loyiha pishiq-puxta boʻlmasa, bozor talablari va raqobatga javob bera olmay bankrotga uchrashi mumkin. Misol uchun, jamgʻarmaga yoshlardan biri tezpishar taom (lavash, shaurma) sotiladigan yemakxona ochish istagini bildirib murojaat qildi. Bunday yemakxona ochishning sarf-xarajati va qancha foyda keltirishi hisoblanib, tayyor biznes loyiha yaratiladi. Uning qanchalik samarali ekani ekspertlardan tuzilgan kengash tomonidan oʻrganilib, baholanadi. Ularning 50 foizidan koʻpining ovoziga ega boʻlgan biznes loyiha samarali deb topilib, hayotga tatbiq etiladi.

Kengash aʼzolari kimlardan iborat? “Zar qadrini zargar biladi” deganlaridek, kengash aʼzolari mamlakatimizda muvaffaqiyatli biznes yuritayotgan 20 nafar faol tadbirkordan tuziladi. Ularning ayni shu qozonda qaynab yurgani, ichki va tashqi bozor talablaridan boxabarligi, ish tajribasi loyihalarning muvaffaqiyati toʻgʻri baholanishida qoʻl keladi.

Shuningdek, oʻziga toʻq ishbilarmonlarning kengashga jalb etilishi tarmoqning shaffof, korrupsiya, tanish-bilishchilik kabi illatlardan xoli boʻlishiga zamin yaratadi. Kengash aʼzolarining 30 foizi yosh tadbirkorlardan tuzilishi esa saralanadigan loyihalarning aksariyati zamonaviy tarmoqqa oid boʻlishiga zamin yaratadi.

Tasavvur qilaylik, yuqoridagi yemak­xona tashkil etish borasidagi biznes loyi­ha kengash tomonidan maʼqullandi. Endi keyingi bosqich, yemakxona ochish uchun eng maqbul joy tanlanadi. Agar bu boʻyicha loyiha muallifining biror taklifi boʻlmasa, jamgʻarma tomonidan saralangan biznes loyihalar qaysi yoʻnalishda ekaniga qarab alohida taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Yemakxona ochish joyi ayni paytda mamlakatimizning turli hududlarida tashkil etilayotgan yangi 154 ta turizm va gastronomik koʻchadan biri boʻlishi mumkin. Shuningdek, u yerda yosh tadbirkorlarning turli biznes gʻoyalarini hayotga tatbiq etish uchun kerakli shart-sharoit va imkoniyatlar ­hozirlanayotgani ham loyihaning tezda ­amaliyotga tatbiq etilishiga zamin yaratadi.

Bunday manzillarga mahalliy aholi bilan birga xorijiy sayyohlar ham kelishi yemakxona daromadini karrasiga orttiradi. Birinchi navbatda, yoshlarning tashabbuslari bilan bunday koʻchalarda mingta savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchasi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda.

Yoshlarga qishloq xoʻjaligi yerlari ajratilishi ikki-uch yildan beri oʻzini oqlab kelayotgan amaliyotlardan. Agar mana shu yerlardan foydalanib, daromadini 100 million soʻmdan oshirgan mehnatkash oʻgʻil-qizlarimizdan biri hosildorlikni yanada orttirish, faoliyatini kengaytirishni istasa, ularga jamgʻarma oʻz yordamini taklif etadi. Bunday yoshlarga yangi nav yaratish yoki turli agrotexnik ishlarni amalga oshirishi uchun zarur mablagʻ beriladi.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, qadoqlash tarmogʻini tashkil etish boʻyicha biznes loyihalarni taqdim etsa, bunday tashab­buslar, albatta, eʼtibordan chetda qolmaydi. Jamgʻarma tomonidan bunyodkorlik ishlari uchun kerakli shart-sharoit hozirlanib, moddiy koʻmak beriladi.

Qaysi sohada faoliyat yuritishni niyat qilishingizdan qatʼi nazar, muvaffaqiyatli biznes loyihalar uchun jamgʻarma tomonidan alohida oʻziga xos taraqqiyot yoʻli ishlab chiqiladi. Tashkilot shu kabi usullar bilan yoshlarni qoʻllab-quvvatlab, 50 ming oʻgʻil-qiz bandligini taʼminlashni koʻzlamoqda.

Biznes loyihalarni moddiy ragʻbatlantirish hajmi ularning kelgusi istiqboli, qamrov koʻlami kengligiga koʻra belgilanadi. Xususan, Oʻzbekiston bozorida muvaffaqiyat keltiradigan startap loyihalarga 1 milliard soʻmgacha, xorijiy bozorga chiqish imkoniya­tiga ega startap loyihalarga esa 2 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi.

Eʼtibor bering, bu yerda bir necha yuz millionlar emas, milliardlar toʻgʻrisida soʻz bormoqda. Ushbu mablagʻ bemalol bir yoshning oʻz gʻoya va fikrlarini hayotga tatbiq etishi hamda yoʻlga qoʻygan biznesi orqali oilasi, qolaversa, yana qator yoshlarning turmush sharoitini yaxshilashiga boshlangʻich sarmoya boʻla oladi.

Yosh oʻgʻil-qizlarga bunday imkoniyatlar taqdim etilayotgani faol yoshlarga ishonch naqadar baland ekani nishonasidir. Ularga bildirilgan ishonch esa mamlakat kelajagi, xalqning ertasiga ishonch demakdir.

Prezidentimizning ushbu «Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va band­ligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-­tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga koʻra esa, “Yoshlar biznesi” dasturi amalga oshiriladi.

Ushbu dastur doirasida “Biznesga birinchi qadam”, “Yoshlar uchun ish oʻrinlari”, “Innovatsion yoshlar” loyihalari hayotga tat­biq etilib, 350 ming kishining bandligi taʼminlanishi rejalashtirilmoqda.

Hujjatga koʻra, “Aloqabank” yoshlar banki, deya eʼtirof etilib, ularning biznes loyihalarini amalga oshirishda eng yaqin hamkori boʻladi.

Keling, yoshlarning turli jabhalarini qamrab oladigan dastur loyihalarini mahalla yoshlari misolida tushuntirishga harakat qilamiz. Mahalla guzari yonidagi marketga tutash kichkina xonada Azizbek kosiblik qiladi. U ikki yil avval oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtib ish boshlagan. Odamlar xizmatiga shay Azizbekning mahoratidan butun mahalla mamnun. U oʻz faoliyatini yangi bosqichga koʻtarib, bolalar poyabzali tayyorlaydigan kichkina sexi boʻlishini xohlaydi.

Harakatchan, faol yoshlaridan yana

biri — Xadichaxon. U tikuvchilik ustaxonasini yuritadi. Hozir qoʻlida besh nafar chevar xotin-qiz ishlab, oilasi daromadiga hissa qoʻshayotir. Xadichaxonning yana 20 ayolning bandligini taʼminlashga sharoiti bor. Ammo buning uchun ozgina qoʻshimcha mablagʻga ehtiyoj sez­yapti. Shu bois, “Yoshlar uchun ish oʻrinlari” loyi­hasiga koʻra, 20 ta ish oʻrni yaratishni nazarda tutuvchi biznes ­rejasini ­allaqachon tuzib qoʻygan. Faqatgina uni bankka taqdim etib, 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 5 milliard soʻm kredit olish qolgan, xolos.

Azizbek “Yoshlar biznesi” dasturining “Biznesga birinchi qadam” loyihasi boʻyicha 7 yil muddatga 100 million soʻm imtiyozli kredit olib, oʻzi istagan uskunani sotib olish niyatida. Oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga beriladigan bu kreditni olish uchun hatto bankka ham borib oʻtirishi zarurmasligini eshitib, koʻngli toʻq. Faqatgina loyihaning hayotga tatbiq etilishini sabrsizlik bilan kutib turibdi.

Yuqoridagi misollardan koʻrinadiki, hujjatga binoan yoʻlga qoʻyiladigan birgina dastur bilan yoshlarimizning turli maqsadlari oʻz roʻyobini topishi mumkin. Ushbu dastur orqali 350 ming yoshni qamrab olish, yana 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlarga qoʻshimcha 100 ming ish oʻrni yaratish koʻzlanmoqda.

Uchinchi muhim hujjat — Prezidentimizning “Oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshiriladigan “Kelajakka qadam” dasturi talabalar bandligini taʼminlash, xorijiy oʻquv-yurtlarida malaka oshirishini qoʻllab-quvvatlash, oʻz sohasidagi biznes loyihalarni hayotga tatbiq etishida koʻmak­lashishga xizmat qiladi.

Hujjatlarda yoshlarda biznes reja tuzish, startap loyihalar tayyorlash koʻnikmalarini shakllantirish borasida ham qator yangi mexanizmlarni joriy etish masalalariga urgʻu berilgan. Xususan, joriy yilning 1-aprelida ishga tushiriladigan “Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasida onlayn trening­lar oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Shuning­dek, platforma yosh tadbirkorlarga mahsulot va xizmatlar uchun bozor topishning onlayn maydoni boʻladi.

Hududlarda tashkil etiladigan “Yoshlar inkubatori” markazlari esa yoshlar dunyo­qarashi oʻzgarishi, soha boʻyicha kerakli bilim-koʻnikmalarga ega boʻlib, tayyor biznesmen boʻlib yetishishiga xizmat qiladi. Shuningdek, bunday markazlar endi ish bosh­lagan tadbirkor oʻgʻil-qizlarga ofis ijaraga berish, buxgalteriya, marketing, eksport bozorlariga chiqish bilan bogʻliq kompleks xizmatlar koʻrsatadi.

Maqolamiz avvalida mamlakatimizning qadimda dunyoning eng yirik tijorat markazlaridan biri boʻlganini qayd etgandik. Ayni paytdagi tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi keng qamrovli islohotlar mamlakatimizning ushbu mavqeini yana tiklashiga zamin hozirlaydi. Yuqorida sharhlagan meʼyoriy hujjatlarda belgilangan vazifalarning bajarilishi ham qay bir maʼnoda, mana shu ezgu va yuksak marra zabt etilishiga xizmat qilishi, shubhasiz.

Sanjar ESHMURODOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri